PRO-liga. "Neftchi"ning mashg'ulotlari davom etmoqda

Narzulla Saydullayev
28 fev 2020
Farg'onaning "Neftchi" klubi Qirgulidagi qarorgohida Pro-liga yangi mavsumiga tayyorgarlikni olib bormoqda.

Jamoaning asosiy maydonida ta'mirlash ishlari olib borilayotganligi sababli mashg'ulotlar zahira maydonida o'tkazilmoqda. Har kuni kunning ikki vaqtida o'tkazilayotgan mashg'ulotlarda jamoa bosh murabbiyi Abdusamad Do'rmonov, yordamchi murabbiylar Ilhom Zaylobiddinov, Diyor Alijonov hamda Xislat Chilmatovlar boshchilik qilmoqdalar.

"Neftchi" mashg'ulotlari qizg'in va quvnoq tarzda o'tmoqda. Tajribali futbolchilar Mansur Saidov, Dilyor Irmatov, Farrux Turdialievlar mashg'ulotlarga ko'tarinki kayfiyat ulashmoqdalar.

- "Asosiy maydonimizda ta'mirlash olib borilayotganligi tufayli mashg'ulotlarni zahira maydonida olib bormoqdamiz" - deydi jamoa bosh murabbiyi Abdusamad Do'rmonov. "Neftchi" yaqinda "Hokim kubogi-2020" musobaqasida ishtirok etdi. Yildan yilga nufuzi ortib borayotgan mazkur musobaqa jamoamizni kelayotgan mavsumga munosib tayyorlash, tarkibga yangi jalb etilgan futbolchilarni sinovdan o'tkazish kabi vazifalarni amalga oshirishimizda katta yordam berdi. Musobaqa bosh sovrinini qo'lga kiritganimiz muhim natija albatta. Endilikda bor e'tiborimizni 2020-yilgi Pro-liga musobaqalariga qaratamiz. "Neftchi"ning shonli tarixi va o'z darajasi bor. Barchamiz buni birdek anglagan xolda Pro-ligada munosib ishtirok etib, mavsum yakunida Superliga yo'llanmasiga ega chiqishni maqsad qilganmiz.



Yangilanayotgan "Neftchi" o'yingohi



Maydon maysasi ham tobora chiroy ochib bormoqda




Bekzod Tolibov tayyorladi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia