Plyaj futboli: JCH-2015 saralash bahslari sanasiga o'zgartirish kiritildi

Narzulla Saydullayev
8 avg 2014, 17:18
Plyaj futboli bo'yicha 6-14 oktyabr kunlari Qatar poytaxti Doxada bo'lib o'tishi lozim bo'lgan JCH-2015 saralash o'yinlari sanasiga o'zgartirish kiritildi.
Kelasi yilning yoz oyida Portugaliyada bo'lib o'tadigan plyaj futboli bo'yicha Osiyo mintaqasi saralash bahslari sanasiga o'zgartirish kiritildi. Qatar poytaxti Doxada o'tkazilishi kerak bo'lgan saralash o'yinlari muddati kelasi yilning 13-18 aprel kunlariga belgilandi.

Ma'lumot uchun, saralash bahslarida qitaning eng yaxshi reytingiga ega bo'lgan jami 16ta jamoa ishtirok etadi. Saralash bahslarida dastlabki uch o'rinni egallagan terma jamoa 2015 yili Portugaliyada bo'lib o'tadigan Jahon Kubogi final bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritadi.

Eslatib o'tamiz, avvalroq plyaj futboli jamoalari reytingini hisob-kitob qilib boradigan plyaj futboli xalqaro reytingi dunyo terma jamoalarining so'nggi oy reytingini e'lon qilgan va unga ko'ra O'zbekiston terma jamoasi jahon reytingida 62-o'rinda qayd etilgan edi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com