PFL: "Andijon" qattiq ogohlantirildi va "Paxtakor" bilan o'yinga qo'yiladi

Narzulla Saydullayev
27 avg 2020, 12:54
Kecha - 26 avgust kuni soat 13:53 da “Andijon” futbol klubi o'zining U-21 jamoasi “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvga moliyaviy qiyinchiliklar sabab yetib kela olmasligini ma'lum qildi.

O'zPFL mazkur xatga asosan o'rinbosarlar uchrashuvini bekor qilib, “Andijon” U-21 jamoasiga texnik mag'lubiyat yozdi. 

Bugun - 27 avgust kuni soat 10:47 da “Andijon” futbol klubi o'zining asosiy tarkibi ham “Paxtakor” bilan uchrashuvga yuqoridagi sabab tufayli kela olmasligini ma'lum qildi. Rasmda keltirilgan xat asosida O'zPFL uchrashuvni bekor qildi. Bu xabar “Paxtakor” futbol klubiga, uchrashuv xavfsizligi uchun javobgar bo'lgan Ichki ishlar organlariga, “Lokomotiv” stadioni mamuriyatiga, uchrashuv translyatsiyasi uchun javobgar bo'lgan “Sport” telekanaliga ma'lumot uchun taqdim etildi. 

“Andijon” klubining birinchi xatidan 1 soat-u 20 daqiqa o'tib, klub uchrashuvda ishtirok etmoqchi ekani borasida xat yo'lladi. Har ikki xat vice-prezident Maruf Abdisalomov tomonidan imzolangan.

O'zPFL har qanday holatda ham futbol uchrashuvlarini o'tkazish uchun harakat qiladi. Shundan kelib chiqib, bekor qilingan barcha tadbirlar qayta tiklanadi va umid qilinadiki, “Andijon” klubining bu kabi mas'uliyatsizligi qayta takrorlanmaydi. O'zPFL Maruf Abdisalomovdan o'z ishiga mas'uliyat bilan yondoshishni, shuningdek, klub ustavida qayd etilmagan vice-prezident lavozimi bilan emas, aynan ustavda mavjud lavozim bilan xatlarga imzo chekishni so'raydi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz