O'zbekiston olimpiya terma jamoasi Ispaniyadagi yig'inni yakunlab, Turkiyaga yetib bordi

Narzulla Saydullayev
26 fev 2019, 12:56
O'zbekiston olimpiya terma jamoasi 14-25 fevral kunlari Ispaniyaning San-Pedro-del-Pinatar shahrida o'quv mashg'ulot yig'ini o'tkazgani haqida avval xabar berib o'tgandik.

Yig'in davomida futbolchilarimiz Shveytsariyaning "Delemon" (2:2) va Gruziyaning "Lokomotiv" (3:2) jamoalariga qarshi o'rtoqlik o'yinlari o'tkazishdi.  
 
Lyubinko Drulovich shogirdlari kecha Ispaniyadagi yig'inni yakunlab, Turkiyaga yetib borishdi. Endilikda vakillarimiz Turkiyada yig'inni davom ettirishadi. Terma jamoamiz delegaciyasi "Limak Eurasia" mehmonxonasiga joylashgan.
 
Turkiyada Olimpiya terma jamoasi a'zolari nazorat o'yini o'tkazishi ham rejalashtirilgan. Jumladan, 27 fevral kuni futbolchilarimiz "Istambul Bashakshehir" klubining U-23 jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Turkiyadagi yig'in 3 mart kunigacha davom etadi.  
 
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston olimpiya terma jamoasi kelasi yil Taylandda bo'lib o'tadigan Osiyo chempionati saralashiga tayyorgarlik ko'rmoqda. Saralash bahslari shu yilning 22-26 mart kunlari Toshkentda o'tkazilib, terma jamoamiz a'zolari Osiyo chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritish uchun Tojikiston, Hindiston va Pokiston terma jamoalari bilan kuch sinashishadi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz