O'zbekiston futbolidagi barcha rahbar, murabbiy va futbolchilar diqqatiga!

Nadirkhuja Yuldashev
25 may 2015, 15:14
Tinchligimiz va Mustaqilligimiz sharofati bilan bugungi kunda o'zbek futbolining moliyaviy holati ko'plab davlatlarga solishtirganda bir muncha yuqori.

2014 yil so'nggida "Nasaf"ning sobiq futbolchisi Kamoliddin Kenjaevga atab o'tkazilgan xayriya tadbirimizda 70 000 000 so'mga yaqin pul yig'ildi. Futbol jamoatchiligimizda saxiy kishilarning ko'pligi kishini quvontirmay qo'ymaydi. 

"Sayyod.com" sayti vakillari shou-biznes a'zolari bilan har oyning birinchi juma kunida "Gemotologiya" instituti qoshida leykemiya bilan og'riganlar shifoxonasidagi bemor bolalar uchun pul yig'adilar. 

1-iyun "Xalqaro bolalarni muhofaza qilish" kuni munosabati bilan biz ham Siz FUTBOL JAMOATCHILIGI a'zolari yordamida mana shu akciyaga o'zimizning munosib ulushimizni qo'shishni maqsad qildik.

O'zbekiston chempionatida faoliyat yuritayotgan futbolchilar, hakamlar, murabbiy va rahbarlar. Fan-klubning yetakchilaridan tortib, O'zbekiston terma jamoasi a'zolari. Xorijda to'p tepayotgan legionerlar va faoliyat olib borayotgan mutaxassislar. O'FF hamda PFL xodimlari, keling-qo'shiling Markaz vakillari. Xullas hamma-hamma loyihada ishtirok etsa nur ustiga a'lo nur bo'lardi. 

Afsuski, "K.K.26" akciyasida hamma klublar ham faol ishtirok etmadilar. Bu "aybingiz"ni bolalar orqali yuving. "Leykemiya" (rak) kasalligiga chalingan bolalarning davo topish imkoniyatlari yuqori bo'lgani uchun ham shu loyihada ishtirok etishni maqsad qildik. Siz tomoningizdan ko'rsatiladigangan moddiy yordam ularning hayotini saqlab qolishi mumkin.

Legioner futbolchilar men bilan bog'lana oladilar. Oliy liga vakillaridan esa o'z matbuot kotiblari orqali bog'lanishlarini so'rab qolardik. Siz tomoningizdan berilgan pullar tiyin-tiyinigacha loyiha tashkilotchilari bo'lgan "Sayyod" saytiga etkaziladi. 

1 - iyun kuni oliy liga o'yinlari bo'lmaydi. Shunday ekan, Toshkentda bo'lib turgan futbolchilarni ham tadbirga taklif etamiz. Behol va og'ir ahvolda yotgan bolalar o'z yulduzlarini ko'rsalar, hech bo'lmasa ruhiy davo topadilar.

Nodirxo'ja Yuldashev.


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia