O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari Qoraqalpog'iston va Xorazmda bo'lishdi

Narzulla Saydullayev
29 okt 2019, 12:38
Bolalar va o'smirlar futboliga e'tibor qaratish, bu orqali esa kelajakda terma jamoalarimizda ko'plab istedodlarning paydo bo'lishini taminlash O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining hozirgi kunda asosiy maqsad va vazifalaridan biridir.

Buning uchun esa barcha viloyatlarda, ayniqsa chekka hududlar va qishloqlardagi yoshlarga havaskor darajadan professional futbolga o'tish jarayonini osonlashtirish talab etiladi. Aynan shu maqsadda O'FA mutaxassislari respublika bo'ylab safarda bo'lib, futbol maktablari, akademiyalar, klublar faoliyatini chuqur o'rganishyapti. Mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash va yangi futbol obektlarini barpo etish choralari ko'rilmoqda. Navbatdagi xizmat safari Qoraqalpog'iston va Xorazmga amalga oshirildi. Ushbu hududlarning ko'plab tumanlarida BO'SM va BO'FMlar faoliyati o'rganib chiqildi. 

Olimpiya zaxiralari kollejlarida futbol yo'nalishini kuchaytirish, yangi futbol maktablari uchun qulay joylar topilib, infratuzilmani yangilash, stadionlar holatini yaxshilash, zamonaviy ko'rinishga keltirish masalalarida tegishli ko'rsatmalar berildi. O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligida mutaxassislar ushbu safarlar davomida yosh futbolchilar, murabbiylar, maxalliy mutaxassislar, fahriylar va futbol muxlislari bilan yaqindan muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolar, futbolimizdagi vaziyatni yaxshilash borasidagi takliflarni eshitib, xulosalarini qayd etishmoqda.

Albatta, bu ma'lumotlar tahlil qilinib, futbolni rivojlantirish borasidagi rejalarga kiritib borilyapti.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz