“Mundial Allplay bilan”. O'tmishga nazar. Germaniya – Kot-d'Ivuar: avval saraton, so'ngra qita turnirini enggan futbolchi

Оқил Абдубарноев
20 iyun 2026, 14:00
Ertaga, 21 iyun kuni JCH-2026 doirasida Germaniya va Kot-d'Ivuar terma jamoalari yashil maydonda o'zaro to'qnash keladi. Mazkur uchrashuv nafaqat ikki qitaning kuchli jamoalari o'rtasidagi sport raqobati, balki ikki mamlakatni o'zaro bog'lab turuvchi o'ta ta’sirli, insoniy matonat tarixi bilan ham ahamiyatlidir.

Bu tarix markazida Kot-d'Ivuar milliy qahramoni va Germaniya Bundesligasida o'z o'rniga ega bo'lgan hujumchi – Sebastyan Aller turadi.

Quyida futbol tarixidagi eng yorqin matonat hikoyalaridan birini havola etamiz.

2022 yilning yozida Germaniyaning "Borussiya Dortmund" klubi Erling Holandning o'rniga "Ayaks"dan Sebastyan Allerni katta umidlar bilan sotib oladi. U klub tarixidagi eng qimmat transferlardan biriga aylanadi. Biroq shartnoma imzolanganidan sanoqli kunlar o'tib, Shveytsariyadagi mavsumoldi yig'inlari vaqtida Aller o'zini yomon his qila boshlaydi. Tibbiy tekshiruvlar butun dunyo futbol ommasini larzaga keltirgan natijani ko'rsatadi: Allyerda saraton (onkologik) aniqlanadi.

Eng yuqori sport formasiga kirgan, faoliyatining cho'qqisida turgan 28 yoshli hujumchi uchun futbol ikkinchi darajali bo'lib qoladi. Endi u yashil maydonda emas, shifoxona palatalarida o'z hayoti uchun kurashishi kerak edi.

Germaniyadagi davolanish jarayoni Aller uchun ham jismonan, ham ruhan o'ta og'ir kechadi. U ikki marta murakkab jarrohlik amaliyotini boshdan kechiradi va to'rt kurs kimyoterapiya oladi.

Bu davrda butun Germaniya futboli klublar raqobatini unutib, Aller atrofida jipslashadi. "Borussiya"ning mashhur "Sariq devor" (muxlislar tribunasi) har o'yinda uni qo'llab-quvvatlovchi bannerlar ko'taradi. Uning sochi to'kilgan, ammo yuzida tabassum bilan tushgan suratlari millionlab insonlarga umid bag'ishlaydi.

Shifokorlarning say-harakatlari va Allerning kuchli irodasi o'z natijasini beradi. 2023 yilning yanvar oyida u saratonni butunlay engib, mashg'ulotlarga qaytadi.

Uning qaytishi shunchaki ramziy emas edi. U "Borussiya" safidagi ilk rasmiy golini aynan 4 fevral – Butunjahon saratonga qarshi kurash kunida kiritadi. Bu gol butun stadionni va teleekran ortidagi tomoshabinlarni ko'zyoshga to'ldirgan tarixiy lahza edi.

Allerning haqiqiy triumfi Germaniyadan tashqarida, o'z vatanida davom etadi. 2024 yilgi Afrika millatlar kubogi aynan Kot-d'Ivuarda bo'lib o'tadi. Turnir boshida jarohat sabab o'ynay olmagan Sebastyan, hal qiluvchi pley-off bosqichlarida maydonga qaytadi.

Yarim finalda Kongo DR darvozasiga g'alaba to'pini kiritgan Aller, finalda Nigeriyaga qarshi o'yinda (2:1) ham hal qiluvchi oltin gol muallifiga aylanadi. Saraton bilan kurashib, o'lim yoqasidan qaytgan yigit o'z milliy terma jamoasiga Afrika chempionligini taqdim etadi. Uning o'yindan so'ng intervyu berayotib yig'lab yuborgani musobaqaning eng ta’sirli kadriga aylangan edi.

Ertaga, 21 iyun kuni bo'lib o'tadigan Germaniya va Kot-d'Ivuar uchrashuvi mana shunday buyuk tarix fonida o'tadi. Bir tomonda Allerga hayotga qaytishda cheksiz yordam bergan, uning eng og'ir kunlarida yonida turgan va yuqori darajadagi tibbiyotni taqdim etgan Germaniya jamiyati, ikkinchi tomonda esa uning yuragi, vatani va unga afsonaviy maqomni bergan Kot-d'Ivuar xalqi saf tortadi.

JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul

Promokodni faollashtirish HAVOLASI

Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia