Oston O'runovning "Spartak"dagi debyuti haqida siz bilishingiz kerak bo'lgan barcha narsa

Narzulla Saydullayev
30 avg 2020, 13:08
Rossiya premer-ligasining 6-turida "Spartak" o'z maydonida Tulaning "Arsenal" klubini qabul qilib 2:1 hisobida g'alabaga erishdi.

Bahs taqdiri birinchi taymning o'zida hal bo'ldi. "Spartak" Aleksandr Sobolev va Samuel Jigoning gollari evaziga 2:1 hisobida g'alabaga erishdi.



Biz uchun muhim voqea ikkinchi taymda sodir bo'ldi. Bahsning 69-daqiqasida Gus Til jarohat olgach uning o'rniga o'zbekistonlik yarim himoyachi Oston O'runov maydonga tushdi.


[instagram]

   [/instagram] 


Boshida O'runov bir necha bor kutilmaganda to'p yo'qotdi. Buni hayajon bilan bog'laymiz. Biroq umuman olganda hamyurtimiz "Spartak" tarkibidagi ilk o'yinida yomon o'ynagani yo'q. Buni raqamlar ham aytib turibdi.

Oston O'runov "Spartak" safidagi debyut uchrashuvida maydonda 25 daqiqa harakat qildi va 16 bor sheriklariga to'p uzatishni amalga oshirdi. Ularning barchasi (!) aniq bo'ldi. Bir bor raqib Ostonni yiqitdi va "Spartak" jarima to'piga ega bo'ldi. Uch marta O'runov to'pni olib qo'ydi va 12 bor yakkakurashga kirishdi. Shundan 6tasida g'olib bo'ldi. Oston 7 marta to'p bilan raqibni ortda qoldirib oldinga o'tishga harakat qildi, bu harakatlarning 71 foizi muvaffaqiyatli chiqdi.



O'yindan keyingi matbuot anjumanida ayni paytda Moskva shahrida bo'lib turgan saytimiz asoschisi Gayrat Xasbiullin "Spartak" ustoziga Oston O'runovning debyuti haqida qanday fikrdasiz deb savol berdi. Bosh murabbiy unga quyidagicha javob berdi:

"Oston bugun yaxshi debyut qildi. Boshida u biroz hayajonlangani sezildi. Bu tabiiy hol, bunday katta klubda, katta stadionda, ko'plab muxlislar qarshisida, kerak bo'lmagan joylarda bir necha bor to'p yo'qotdi. Keyinroq o'z o'ziga keldi. U hali yosh ekanligini unutmang, jamoaga ham, biz namoyish etayotgan o'yinga va taktikamizga moslashishi kerak. Unga hech qanday bosim qilinmayapti. Yosh futbolchiga bosim qilmaymiz ham. Ishlashda davom etamiz va barchasi yaxshi bo'ladi deb umid qilamiz".




Oston O'runov ham uchrashuvdan keyin mikst-zonada savollarga javob berdi. Quyidagi videoda biroz tortinchoq bo'lgan hamyurtimiz rus tilida hamon u qadar yaxshi so'zlasha olmayotganini ko'rish mumkin. Biroq bu narsa tezda o'tib ketishiga va xuddi maydonda bo'lgani kabi rus tilida ham erkin so'zlasha olishiga umid qilamiz.




Endi Rossiya chempionatida FIFA kunlari munosabati bilan qisqa tanaffus yuzaga keladi. "Spartak" navbatdagi o'yinni 12 sentyabr kuni Moskva derbisi doirasida SSKAga qarshi o'tkazadi.



O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia