O'FF prezidenti saylovi. U qanday o'tishi kerak?

Narzulla Saydullayev
23 avg 2017, 14:50
O'FF nihoyat hisobot-saylov konferenciyasi bo'lib o'tadigan sanani rasman e'lon qildi – 12 sentyabr.

Ko'pchilik sanani bilib bo'lgandi, faqat rasmiy tasdiq kutilayotgandi. Endi O'FF prezidenti saylovi qanday o'tishi haqida ma'lumot beramiz.

NOMZODLAR
Sananing rasman e'lon qilinishi nomzodlarning ilgari surish uchun muhim jihat hisoblanadi. O'FF nizomida (27.2 modda) shunday deyilgan, Ijroqo'm navbatdagi Konferenciya qachon va qayerda bo'lishini belgilaydi. O'FF a'zolari Konferenciyaga 6 hafta qolguniga qadar yozma ravishda bundan xabardor etilishi lozim. 27.3 moddada shunday yozilgan: Rasmiy xabarnoma Konferenciyaga 2 oy qolguniga qadar taqdim etilishi lozim. Rasmiy xabarnomaga kun tartibi, Prezidentning qilingan ishlar hisoboti, moliyaviy hisobot, auditorlik hisobot va qolgan kerakli hujjatlar biriktirilgan bo'lishi lozim.

O'FF a'zolari kerakli hujjatlarni olishganmi yoki yo'qmi bundan bexabarmiz. Biroq ular barchasini vaqtida olishganini va konferenciya sanasining kech e'lon qilinishi O'FF rasmiy sayti tufayli sodir bo'lganini taxmin qilamiz.

Xullas O'FF a'zolari konferenciya o'tishiga 2 oy qolganida kun tartibini olishdi, O'FF Prezidenti saylovidagi savollarni ko'rishdi. Keyin nima bo'ladi? Keyin O'FF nizomining 39.3 moddasi ishga tushadi.

O'FF Prezidenti bo'lish uchun faqat O'FF a'zolari o'z nomzodlarini qo'ya olishadi. O'FF a'zolari o'z nomzodini yozma ravishda Bosh kotibiyatga Konferenciya boshlanishiga 4 hafta qolguniga qadar yuborishlari lozim.

Konferenciya boshlanishiga 4 hafta qolgan vaqt bu  – 15 avgust. Yani bir hafta oldin nomzodlarni qabul qilish to'xtatilgan. Ammo hech kim nomzodlar haqida hech nima bilmaydi. Bu ikkita narsani anglatishi mumkin – yoki nomzodlar yo'q, yoki nomzodlar o'zlarini panada tutishni istashmoqda. Ammo shu yerda O'FF nizomining 39.4 moddasiga qaraymiz:

Bosh kotib Konferenciya boshlanishiga kamida ikki hafta qolguniga qadar nomzodlarni yozma ravishda O'FF a'zolariga yuborishi lozim.

Yani 29 avgust kuni O'FF bosh kotibi O'FF Prezidenti bo'lish uchun nomzodlar ro'yxatini yuborishi lozim. O'FF bu nomlarni qachon ommaga e'lon qilishi kerakligi nizomda qayd etilmagan.



SAYLOVCHILAR
Shu kunlarda o'quvchilarimiz berayotgan asosiy savollardan biri kimlar saylash huquqiga ega? O'FF Prezidentini O'FF Konferenciyasi saylaydi, shu bois faqat konferenciya delegatlari saylash huquqiga egalar. O'FF nizomining 22.1 moddasida shunday yozilgan:

Konferenciya 80 nafar delegatdan iborat. Barcha delegatlar bilan tanishing:
a) har bir viloyat federatsiyasidan – 2 nafardan delegat;
b) Professional futbol ligasidan – 1 nafar delegat;
v) har bir klubdan – 1 nafardan delegat;
g) Ayollar futbol Assotsiatsiyasidan – 1 nafar delegat;
d) futzal Assotsiatsiyasidan – 1 nafar delegat;
e) Ayollar futbol Assotsiatsiyasi, ayollar futzali va plyaj futbolidan – 1 nafar delegat;
j) O'zbekiston faxriylar kengashi – 1 nafar delegat;
z) Terma jamoalar markazidan – 1 nafar delegat;
i) Respublika murabbiylar va hakamlar tayyorlash maktabidan – 1 nafar delegat;
k) Respublika oliy sport ustalari maktabidan – 1 nafar delegat;
l) Futbol klublari qoshidagi bolalar-o'smirlar maktabidan – 1 nafardan delegat;
m) Futbol muxlislar klubidan - 1 nafar delegat;
n) futbolchilardan – 1 nafar delegat;
o) hakamlardan – 1 nafar delegat;
p) murabbiylardan – 1 nafar delegat;
r) O'FF a'zosi bo'lgan qolgan tashkilotlar – 1 nafar delegat


Bu ro'yxat bo'yicha bir nechta savol bor. Masalan, Ayollar futbol Assotsiatsiyasi va Ayollar futbol Assotsiatsiyasi, ayollar futzali va plyaj futboli o'rtasida qanday farq bor? Futbolchilar, hakamlar va murabbiylar o'z delegatlarini qanday tanlashadi?
O'FF nizomi 22.2 moddasida shunday yozilgan:
Har bir delegat O'FF a'zolari bilan affilir bo'lishi lozim, u O'FF a'zolarining tegishli  organi tomonidan saylangan yoki tanlangan bo'lishi kerak. Delegatlar shaxslarini tasdiqlovchi xujjatga ega bo'lishlari zarur.

Aytgancha, delegatlar umumiy soni 80 emas 75 nafar chiqmoqda. Xatto Nasaf-2ni alohida klub deb olsak, delegatlar soni 76 nafar bo'ladi.

SAYLOV JARAYONI
O'FF Prezidenti saylovining birinchi turida g'olib bo'lish uchun delegatlarning 3dan 2 qismi ovozini olishi kerak. Yani 80tadan 54ta. Ikkinchi yoki undan keyingi turlardagi g'alaba uchun ovoz beruvchilarning yarmidan ko'pi, yani 41ta ovoz olsa etarli bo'ladi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia