O'FF Prezidenti futbol muxlislarini Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi

Narzulla Saydullayev
1 sen 2013, 09:36
2013 yilning 1 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini qo'lga kiritganiga 22 yil to'ldi.
Shu munosabat bilan, O'zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov O'zbekiston xalqini, shuningdek, mamlakat futbol jamoatchiligi, futbol muxlislarini eng ulug', eng aziz bayram bilan qutladi.

Vatan – muqaddas. Uning tuprog'i aziz, onalarimizning qo'llarini o'pganimiz kabi ko'zga surtamiz. O'zbekiston mustaqil mamlakat sifatida jahonga yuz tutgunigacha shu tuproqlar qanday davrlarni ko'rmadi, deysiz. 22 yil bo'ldi, tuproqlari barakali ushbu zaminda Mustaqillikning erkin shabadasi esib turibdi.

22 yil bo'ldiki, O'zbekiston har bir jabha, shu jumladan, sport orqali ham dunyo xalqlarining etirofiga sazovor bo'lib kelyapti. Dunyoda mamlakat shanini himoya qilishdek sharafli vazifa yo'q. Bu ishni hayotda har kim bajarishni o'ziga burch deb bilishi kerak. Mening baxtim shundaki, men mana shunday yuksak vazifani o'z oldiga qo'yib, uni amalga oshiradigan insonlar ichida ishlayapman.

Futbolchi maydonga chiqar ekan, ota-onasi, turmush o'rtog'i, farzandlari, do'stlari, umuman yaqinlari ko'z oldidan o'tadi. Maydonda o'z Vatani madhiyasi yangrayotganda esa futbolchi yanada katta mas'uliyatni his qiladi. U Vatan sharafini himoya qilish kerak. Birgina ana shu voqea zamirida esa millionlab vatanparvar insonlarning mehnati yotadi.

Men bugun mana shunday insonlar, vatanparvar futbolchi va futbol muxlislari ichida ekanligimdan bag'oyat baxtiyorman. Mana, Mustaqillik taqdim etgan muqaddas nemat. Uning qadriga yetish barchamizning muqaddas burchimizdir.

Fursatdan foydalanib, Mustaqillik bayrami tongida barchani ushbu bayram bilan tabriklayman. Eng yaxshi tilaklar yor bo'lsin! Mustaqillikning 22 bahori muborak, aziz yurtdoshlar!, - deyiladi O'FF Prezidenti Mirabror Usmonov tabrigida.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com