O'FA rahbariyati Qirg'iziston futbol federatsiyasi mutasaddilari bilan uchrashdi

18 iyun 2019, 21:10
Bugun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasida Ravshan Ermatov Qirg'iziston futbol federatsiyasi mutasaddilari bilan uchrashuv o'tkazdi.

Uchrashuv boshida Qirg'iziston futbol federatsiyasi vice-prezidenti Dostonbek Konokbaev va Qirg'iziston Premer ligasi prezidenti Nurbek Atakanov Ravshan Ermatovni yangi lavozim bilan tabriklab, unga o'zbek futboli rivoji yo'lidagi ishlarida omad tiladi.

Shundan so'ng tomonlar o'zaro do'stona aloqalarni mustahkamlash, turli yoshdagi terma jamoalar va klublar o'rtasida xalqaro o'rtoqlik o'yinlari tashkil etish, ayollar futboli va futzal yo'nalishlarida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilishdi.

Jumladan, Qirg'iziston futbol federatsiyasi ayollar jamoalari o'rtasida o'tkazib kelinayotgan “Umid kubogi” musobaqasida O'zbekiston jamoalari muntazam ravishda qatnashib kelayotganini ta'kidlab, bu anana bu yil ham saqlanib qolishiga umid bildirib o'tdi.

Shuningdek, kun tartibidan o'rin olgan masalalar qatorida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi doirasidagi hamkorlik, turli yo'nalishlar bo'yicha tajriba almashish masalalari ham ko'rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida O'zbekiston va Qirg'iziston futbolidagi yaqin aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha kelishib olindi.



Manba: ufa.uz