O'FA mutaxassislari Toshkent shahri bolalar-o'smirlar futbol akademiyasida barpo etilayotgan maydonni ko'zdan kechirdi

Narzulla Saydullayev
17 noya 2019, 09:29
Bilasiz, Osiyo futbol konfederatsiyasi hamda O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi o'rtasidagi ko'plab sohalardagi hamkorlik yanada rivojlanib, o'zaro ishonch va aloqalar borgan sayin mustahkamlanib bormoqda.

Qita futbol konfederatsiyasi bilan hamkorlikda yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish, “millionlar o'yini” ommaviyligini oshirishga qaratilgan qator loyiha va dasturlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, OFK ko'magi asosida futbol bilan shug'ullanish uchun bir nechta futbol maydonlari barpo etish ishlari olib borilmoqda.

Maydonlarning har tomonlama sifatli tarzda qurilishini taminlash, qolaversa joylarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida O'FA Birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov bevosita hududiy futbol akademiyalariga tashrif buyurayotganidan xabaringiz bor.

Mutaxassislar guruhi bu safar O'FA qoshidagi Toshkent shahri bolalar-o'smirlar futbol akademiyasiga tashrif buyurdi. U yerda akademiya tarbiyalanuvchilari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Qolaversa, yangi barpo etilayotgan sun'iy qoplamali maydon qurilish ishlari ko'zdan kechirildi.

“Futbolchining rivojlanishida sifatli maydonlarning ahamiyati ancha yuqori. Yaxshi maydonlar bo'lsa murabbiylar tezkor va bugungi kun futboli talabiga javob beradigan ko'plab yosh futbolchilarni tarbiya qila oladilar. Shu boisdan ham mamlakatimizda barpo etilayotgan har bir maydonning sifatli tarzda qurilishi biz uchun juda ham muhim ahamiyat kasb etadi”, - deya ta'kidladi Ravshan Ermatov.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz