O'FA eng yaxshilar qatoriga nega Jasur Yaxshiboevni qo'shmadi?

Xayrulla Xoliqov
22 dek 2020, 13:40
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2020 yilning eng yaxshi futbolchisi bo'lishga nomzodlarni e'lon qildi.

Qizig'i shundaki, nomzodlar orasida Belarus chempionatida to'p tepayotgan hamyurtimiz Jasur Yaxshiboev yo'q. Shu o'rinda eng yaxshi bo'lishga nomzodlarni keltirib o'tsak: Abduvohid Ne'matov ("Nasaf"), Eldor Shomurodov ("Jenoa"), Igor Sergeev ("Paxtakor"), Jaloliddin Masharipov ("Paxtakor") va Oybek Bozorov ("Nasaf"). 

Albatta, bizning ro'yxatda nomi keltirilgan ftubolchilarga etirozimiz yo'q, chunki ular ham bu mavsum ko'p mehnat qilishdi. Biroq Jasur Yaxshiboev ham ro'yxatdan joy olishga haqli edi.

Nima uchun? Birinchidan, Yaxshiboev yil boshida "Energetik-BGU" safiga yo'l olib, bir davra ushbu jamoada harakat qildi va birinchi davraning eng yaxshi to'purari bo'ldi. O'shandayoq u haqda belaruslik jurnalistlar Jasur - haqiqiy topilma, u - kashfiyot deb yoza boshlashdi. 

Ikkinchi davrada o'z jamoasini almashtirib, Soligorskning "Shaxtyor" klubiga o'tgan Yaxshiboev yakunda mamlakat chempionligini qo'lga kiritdi. Shuningdek, to'purarlar poygasida 16ta gol bilan ikkinchi bo'ldi. 

Bizningcha, uning UEFAga a'zo mamlakatda chempion bo'lgani hamda to'purarlar poygasida ikkinchi o'rinni egallaganiyoq O'zbekistonda eng yaxshilardan biri bo'lishga asos bo'la oladi. Qolaversa yil yakunida Belarus futbol federatsiyasi tomonidan aynan Jasur Yaxshiboev eng foydali futbolchi deb topildi. 

Bu o'rinda yana bir masala bor. Esingizdami, karantin juda avjiga chiqqan bir paytda hech qayerda futbol o'ynalmayotgandi. Lekin birgina Belarusda chempionat davom etdi va hammamiz faqat Yaxshiboevni kuzatishga o'tdik. Buni ham yoddan chiqarmaslik zarur.

Xullas, mana shu sabablar tufayli ham Yaxshiboev O'FA tomonidan etirof etilishga loyiq edi, har holda u Shomurodov va ro'yxatdagi boshqalardan kam mehnat qilgani yo'q. 

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia