

Joriy mavsumning birinchi qismini Andijon tarkibida o'tkazgan yarim himoyachi Obid Hakimov endilikda faoliyatini qo'shni mamlakat chempionatida davom ettirmoqda. Shuningdek, tajribali himoyachi Vusol Magerramov ham xo'jandliklar sharafini himoya qilyapti.
Davralar oralig'ida Xo'jand Toshkentda o'quv-mashg'ulot yig'ini o'tkazgandi. Aynan o'sha yig'in chog'ida tojikistonliklar 27 yoshli Obid Hakimov bilan kelishuvga erishishdi. Yaqinda ushbu futbolchidan undan intervyu oldik.
- Obid, Tojikiston klubiga o'tishingiz qanday amalga oshdi?
- Aslida bu taklif Andijonda o'ynayotgan paytimdayoq paydo bo'lgandi. Lekin o'shanda o'ylab ko'rish uchun vaqt olgandim. Bu orada agentlardan biri Xo'jand jamoasi va u yerdagi shart-sharoitlar haqida etarlicha ma'lumot berdi. Qolaversa, do'stim Vusol Magerramov ham Shu klubga o'tsang, birga o'ynardik, dedi. Shundan so'ng xo'jandliklar taklifiga rozilik berdim.
- Qancha muddatga shartnoma imzoladingiz? Ko'rikdan o'tdingizmi yoki to'g'ridan-to'g'ri jamoaga qabul qilishdimi?
- Shartnoma bir yilga imzolangan. Lekin ikki tomonga ham maqul bo'lsa, kelishuv yana uzaytirilishi mumkin. Murabbiylar shtabi o'yinlarimni ko'rishgan ekan, to'g'ridan-to'g'ri shartnoma taklif qilishdi.
- Xo'jand klubi, uning stadioni, muxlislari, sharoitlari haqida nima deya olasiz?
- Jamoamiz bugungi kunda Tojikiston chempionatining 18-turidan so'ng 42 ochko bilan turnir jadvalida 2-o'rinni egallab turibdi. Peshqadam Istiqlol hisobida 45 ochko bor. Afsuski, aynan 18-turda biz Istiqlol mehmoni bo'lib, yutqazib qo'ydik (0:1). Aks holda, qo'shimcha ko'rsatkichlar bo'yicha karvonboshilik qilayotgan bo'lardik. Chunki to'plar nisbati bizda }22, dushanbeliklarda }17. Lekin hali kurash oldinda, chempionlik uchun oxirigacha intilamiz. Jamoa stadioni yangi qurilgan. Lekin tomoshabinlar soni bilan maqtana olmaymiz. Uydagi o'yinlarimizga 3-4 ming muxlis tashrif buyuradi. Xalqaro uchrashuvlarda esa tribunalar to'ladi. Sharoitlari o'zimizning Superliga klublari bilan teng desa ham bo'laveradi.
- Klubda siz va Vusoldan boshqa yana legionerlar bormi?
- Ukrainadan ikki, Estoniyadan bir nafar futbolchi to'p surmoqda. Besh legionyerdan 4 nafari bir paytning o'zida maydonda harakat qilishi mumkin. Asosiy ishni aynan xorijlik futbolchilar qilib berishadi. Katta yuk va mas'uliyat bizning zimmamizga tushadi.
- Raqobatbardosh jamoa yig'ilganmi?
- Albatta. Hamma joyda bo'lgani kabi, bizda ham raqobat kuchli.
- Qayerda yashayapsizlar? Maoshlari bizdan ko'ra ko'proq to'lanadimi? Masalan, oxirgi o'ynagan klubingizdan yaxshiroqmi?
- Xo'jand o'z bazasiga ega emas. Bizga stadionning yonidan kvartira olib berishgan. Vusol bilan birga shu yerda yashayapmiz. Mavridi kelganda, ochig'ini aytaman, Andijonda kattagina miqdorda ololmagan maoshlarim qolib ketdi. Agar shartnomada ko'rsatilgan pullarni berishganida, bu erga kelib o'tirmasdim. Majbur bo'lganim uchun Tojikistonda to'p sur-yapman.
- Andijonda qancha pulingiz qolib ketdi? Klub rahbarlari nima deyishyapti? Qarzdorlikni uzisharmikan?
- Yarim yil o'ynab, umuman maosh olganim yo'q. Faqat g'alaba qozongan o'yinlarimiz uchun mukofot puli berishgan. Shunda ham bizga bo'sh blankaga, yani oppoq qog'ozga qo'l qo'ydirib olishgan. Imzo chekmasak, mukofot puli yo'q edi. Har doim aytiladigan gap - beramiz, deyishadi ke-yin uxlatishadi. Jamoadan ketaman deganimda, Mayli, faqat maoshlarimni oldim, deb qo'l qo'yib berasan, deyishgandi. Bu yerda topayotganim Andijondagidan yaxshi.
- Andijonning qolgan futbolchilarida ham ayni muammo bormi?
- Xuddi shunday. Hozirgacha davom etib kelyapti.
- Siz jamoadan ketganingizga bir necha oy bo'ldi. Balki o'zgarish ro'y bergandir? Futbolchi do'stlaringiz orqali vaziyatni o'rganyapsizmi?
- Ha, gaplashib turibman. Hamon vaziyat o'zgargani yo'q.
- Maoshlaringiz bo'yicha O'zbekiston futbol assotsiatsiyasiga arz qilmadinglarmi?
- Shu paytgacha Andijon jamoasi futbolchilarni aldab kelgan. Kim O'FAga shikoyat xati bilan chiqsa, yakunda uning o'zi aybdor bo'lib qoladi.
- Xo'p, qarzdorlik qancha? Aniq summasini ayta olasizmi?
- Maoshim 3 million so'm edi. Jamoada yarim mavsum o'ynagan bo'lsam, biror marta maosh olmadim. Aytganimdek, faqat mukofot puli berilgan, uning ham yarmi qolib ketdi. Oxirida Oldim, deb qo'l qo'ysang, keyin boshqa klubga ketishingga ruxsat beramiz, aks holda, yo'q, deyishdi. Pulsiz Andijonda yurgandan ko'ra, hammasiga rozilik berib, Xo'jandga ketishga majbur bo'ldim.
- Tojikiston chempionati haqida nima deya olasiz?
- To'g'risini aytaman, chempionati bizning Superligaga qaraganda kuchsizroq. G'oliblik uchun kurash faqat ikki jamoa o'rtasida kechadi. Qolgan klublarning saviyasi deyarli bir xil. Lekin ikki peshqadamga qarshi alohida tayyorgarlik bilan maydonga tushishadi.
- Jamoa oldiga qanday vazifa qo'yilgan?
- Hozir peshqadam Istiqlol bilan uch ochkolik farq yuzaga kelgan. Xo'jand 40 yildan beri ikkinchi o'ringa ko'tarilmagan ekan. Bu yil aniq tarix yangilanadi. Hali chempionlik uchun imkoniyatimiz bor va oxirigacha kurashamiz.
Manba. "Interfutbol" gaazetasi



