Nega Lutfullin 3 ta o'yinga tayinlandi? Mamur Saidqosimov javob berdi

Narzulla Saydullayev
12 mar 2025, 16:00
Bugun O'zFHM Superliganing 2-turidan o'rin olgan o'yinlarda ishlaydigan hakamlar ro'yxatini e'lon qildi.

E'tiborlisi, Rustam Lutfullin shu turning o'zida bir yo'la uchta uchrashuvda ishlaydigan bo'ldi. Lutfullin "Andijon" - "Nasaf" bahsida bosh hakam vazifasini bajarsa, "Neftchi" - "Qo'qon-1912" va OKMK - "Paxtakor" o'yinlarida esa VAR hakami bo'ladi. Xo'sh, nega bunday bo'ldi? Vaziyatga O'zFHM direktori vazifasini bajaruvchisi Mamur Saidqosimov oydinlik kiritdi.

"Xabaringiz bor, ayni paytda 3 nafar FIFA hakami Firdavs Norsafarov, Akobirxo'ja Shukurullaev va Abdurashid Xudoyberganov xizmatidan foydalana olmaymiz. Ular o'tgan yildan buyon Superligada ishlashmayapti. Hozircha ularni o'yinlarda tayinlay olmaymiz. Shu sababli bizda sifatli VAR hakami yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Firdavs Norsafarov VAR hakami sifatida juda yaxshi ishlaydi.

1-turda ko'plab o'yinlarda VAR hakami sifatida ayollar ishlashdi, kamchiliklar bor, yo'q emas, tajriba o'yinlar orqali keladi. Ammo 2-turdagi muhim va markaziy uchrashuvlar ko'proq, shu bois sifatli hakamlikni birinchi o'ringa qo'yganimiz uchun Rustam Lutfullinni majburan ikkita bahsga VAR'ga qo'ydik. Yosh hakamlarni ham sekin-asta o'yinlarga tayinlab tajribani oshirib boramiz, chunki hakamlar o'rtasida raqobat qancha kuchli bo'lsa shuncha yaxshi", - dedi Mamur Saidqosimov.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia