"Navbahor": Toirovdan so'ng Pochuev ham jamoani tark etdi

Narzulla Saydullayev
10 iyul 2013, 04:28
Mamlakat chempionatining 13-turidan o'rin olgan “Navbahor” – “Metallurg” uchrashuvidan keyin "Navbahor" futbolchilari qisqa muddatlik tatilga chiqishgandi.
Garchi ikkinchi davrani boshlanishiga deyarli bir oy vaqt bo'lsada, jamoalarni mashg'ulotlarda ishtirok etishi barchaga ma'lum. Jamoa ikkinchi davraga tayyorgarlikni 12 iyuldan boshlashni rejalashtirgan. O'quv-yig'in mashg'ulotlarning dastlabki qismi Namanganda tashkil etiladi. Mashg'ulotlarning ikkinchi qismini Toshkentda o'tkazish ko'zda tutilgan.

Tarkibdagi o'zgarishlar ham ko'pchilik muxlislarimizni qiziqtirishi tabiiy hol. Avvalroq xabar berganimizdek, tajribali himoyachilardan biri Abdumajit Toirov “Metallurg”ga qarshi o'yin oldidan jamoani tark etgandi. Jarohat bois anchadan beri maydonga tusha olmayotgan yana bir himoyachi Vitaliy Pochuev ham ikkinchi davrada “Navbahor” sharafini himoya qilmaydi. Biroz oldin Pochuev futbolchilik faoliyatini yakunlash haqida o'ylayotganligini ham aytgandi. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, himoyachini mavsumning ikkinchi qismida biror-bir klub safida ko'rmasligimiz ham ehtimoldan holi emas.

Toirov va Pochuevlardan tashqari birinchi davrada ishonchni oqlamagan ayrim o'yinchilarga ham javob berish ko'zda tutilgan. Murabbiylar kengashi bu borada yakuniy qarorga kelgach, jamoadan ketishi mumkin bo'lgan futbolchilarning nomiga oydinlik kiritiladi. Yo'qotishlar o'rnini to'ldirish maqsadida esa tajribali futbolchilar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Demak, yaqin orada mashg'ulotlarda yangi o'yinchilarni ko'rish imkoniyatiga ega bo'lamiz. Saytimizni kuzatib borsangiz jamoada ro'y berayotgan o'zgarishlardan boxabar bo'lib borasiz.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz