Muxtor Qurbonov: "Hujumchilarimizga sovuqqonlik yetishmayapti"

Tolibjon Qosimov
31 may 2015, 12:17
"Qizilqum" - "Sho'rtan" jamoalari uchrashuvidan so'ng, mehmonlar bosh murabbiyi Muxtor Qurbonov o'yin haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- Bugungi o'yinda bizga omad kulib boqmadi, - deya so'z boshladi Muxtor Qurbonov. - Jamoamiz uchrashuvni yomon boshlamagandi. Hisobni ochishga muvaffaq bo'lgandik. Ammo yigitlar butun o'yin davomida bir maromda harakat qila olmadilar.

Umuman olganda, uchrashuvda yuzaga kelgan vaziyatlardan unumli foydalanish borasida jamoamiz a'zolariga sovuqqonlik yetishmadi. Bugun ham Suhrob Berdiev, Laziz Ubaydullaev, Igor Taranlar bir qator golli imkoniyatlarni havoga sovurishdi. Afsuski, bu holat yangilik emas. Avvalgi o'yinlarda ham aynan hujum chizig'imizda muammolar ko'zga tashlangandi. Bu borada "Qizilqum" hujumchilariga havas qilsa bo'ladi. Bahriddin Vahobov bejizga to'purarlar bahsida yetakchilik qilmayotganligini namoyish etdi. Himoyachilarimizning ishonchsiz va palapartish xatti-harakatlari yakunda natijaga salbiy ta’sir o'tkazdi va navbatdagi mag'lubiyatni tan oldik.

Hayot esa davom etadi. Endigina o'n birinchi tur o'yinlari ortda qoldi. Bizning zaxiramizda esa "Bunyodkor" bilan qoldirilgan uchrashuv ham bor.  Mavsumning qolgan uchrashuvlarini muvaffaqiyatli o'tkazish uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz.  Bugungi  o'yinni hali tahlil qilamiz va zarur xulosalar chiqaramiz, degan umiddaman.

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: fcqizilqum.uz