MOFA tomonidan Toshkentda “CAFA U-16 championship” musobaqasi o'tkaziladi

Narzulla Saydullayev
28 iyun 2018, 12:57
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vice Prezidenti va Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonovning tashabbusi bilan joriy yilning 3-10 iyul kunlari poytahtimiz tarixda birinchi marta mintaqa chempionatiga mezbonlik qiladi.

16 yoshgacha bo'lgan futbolchilardan tashkil topgan O'zbekiston, Tojikiston, Afg'oniston va Qirg'iziston terma jamoalari Toshkentdagi "Milliy" stadionida tashkil etilayotgan “CAFA U-16 championship” musobaqasida kuch sinashishadi.

Musobaqa davomida Markaziy Osiyodagi kamida "V" toifaga ega murabbiylar uchun o'quv kurslari tashkil etiladi. Bu o'quv kurslarida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasiga a'zo mamlakatlarning 2 nafardan vakili hamda o'zbekistonlik vakillar ishtirok etishadi. O'quv kurslarini OFK instruktori Islom Ahmedov va OFK texnik qo'mitasi a'zosi Shovkat Imamovlar olib borishadi.

"Markaziy Osiyo murabbiylari uchun bu kabi o'quv kurslari O'zbekistonda birinchi marta tashkil qilinmoqda. Bundan maqsad, nafaqat O'zbekistonda, balki mintaqada futbolning rivojlanishiga hissa qo'shish, murabbiylar malakasini oshirish, futbol rivojini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat. Ishonchim komilki, bu kabi say-harakatlar albatta o'z samarasini beradi", - deydi Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi Prezidenti va O'FA birinchi vice-prezidenti Umid Ahmadjonov.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com