Mirjalol Qosimov: "Saudiya Arabistoniga shunchaki kelganimiz yo'q"

Narzulla Saydullayev
24 fev 2014, 20:06
"Al-Fath" - "Bunyodkor" uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida birinchi bo'lib qaldirg'ochlar ishtirok etishdi.
- Ertaga bizni qiziqarli o'yin kutib turibdi. Maqsadimiz Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etish. Buning uchun 1-turdanoq ochko yig'ishni boshlashimiz kerak. Saudiya Arabistoniga shunchaki kelganimiz yo'q. "Al-Fath" haqida gapiradigan bo'lsam, juda tartibli o'yin ko'rsatishini aytib o'tgan bo'lardim. Jamoaning o'rta chizig'i va ikkala qanotida tezkor futbolchilar to'p tepishadi.

Oldingi chiziqdagi kongolik va braziliyalik legionerlari kuchli. Raqibning "Al-Nasr" va "Al-Ittihod"ga qarshi uyda o'tkazgan o'yinlarini ko'rib chiqdik va o'zimizga kerakli xulosalarni oldik. Ertaga ikkala jamoaga ham maydon holati biroz salbiy ta’sir o'tkazishi mumkin. Chunki kecha mashg'ulot o'tkazganimizda maydon yaxshi holatda emasdi.

Odatda mehmonda erishilgan durang natijaga ijobiy qaraladi. Biroq biz Saudiya Arabistonidan uch ochko bilan qaytishni istaymiz. V guruhida kuchli jamoalar yig'ilgan. Qatarning "Al-Jaish" jamoasi oxirgi pallada juda kuchli tarkibni jamladi. Eronning "Fulad" klubi esa jamoaviy o'yin hisobida o'z chempionatida yakka peshqadam bo'lib turibdi. Al-Fateh esa Osiyo Chempionlar ligasida yangi nom va ular bu musobaqani yaxshi boshlashga intilishadi. Bunyodkor esa o'z ananalariga sodiq qolgan holda doimo o'z oldiga yuksak marralarni qo'yadi. Qisqasi, bizning guruh judayam qiziqarli. Afsuski, guruh bosqichi yakuniga ko'ra musobaqa 2ta ajoyib jamoa tark etadi, - deydi Mirjalol Qosimov.

Bahodir MIRZAEV
Al-Hasa, Saudiya Arabistoni

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com