Mirjalol Qosimov: "Raqibning o'yinlarini ko'rib chiqdim, yigitlarimizga ishonaman"

Iskandarov Abdulaziz
14 avg 2023, 18:37
OCHL saralash bosqichidan o'rin olgan OKMK - "Al Sib" uchrashuvidan avval mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va yarim himoyachi Sanjar Tursunov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida

Mirjalol Qosimov: Anchadan beri kutilgan kun yetib keldi. O'tgan yilgi natijamizdan kelib chiqib, mazkur bosqichda ishtirok etyapmiz. Osiyo Chempionlar ligasining havosi boshqacha. Bo'lajak o'yinga tayyormiz. Maqsadimiz - keyingi bosqichga yo'l olish. 

Sanjar Tursunov: Ertaga Olmaliq shahri aholisiga bayram kayfiyatini ulashishga harakat qilamiz. 

- Matbuot anjumanlarining birida biz faqat keiyngi raqib haqida o'ylaymiz. Boshqasi haqida umuman bosh qotirmaymiz, degansiz. "Olimpik"ga qarshi o'yin yakunlanganiga uch kun bo'ldi. Shu payt mobaynida bo'lajak raqib etarlicha o'rganildimi?

Mirjalol Qosimov: To'g'ri, shunday deganman. Chunki o'yindan o'yinga sakrab bo'lmaydi. Ammo bu klub ham miyaning bir burchagida edi. Raqib to'g'risida etarlicha ma'lumot yig'ildi. "Al Sib"ning o'yinlarini ko'rib chiqdim. Jamoa yaxshi himoyalanadi va tezkor hujumga o'ta oladi. Hatto 95-96-daqiqalarda gol urib, g'alabani o'z tomoniga og'dirib ketgan paytlar ham bo'lgan. Bu futbol. Yigitlarimizga ishonaman. Vaziyatlardan kamroq xato qilib, ko'proq unumli foydalanish kerak.

- OKMK chempionat doirasida ko'pgina o'yinlarda darvozasidan to'p olib chiqmoqda. Bu seriya bo'lajak o'yinda ham davom etishidan xavotirlanmaysizmi?

Mirjalol Qosimov: Futbolda 11 kishi himoyada o'ynay olmaydi. G'alaba omadga ham bog'liq. OKMKning o'yinlarini kuzatsangiz, o'ziyam o'ynaydi, raqibgayam imkon beradi. Albatta, hujumga o'tgach, mudofaada bo'shliqlar paydo bo'ladi. Ertangi o'yin bitta bahsdan iborat. Shunday ekan, faqat g'alaba qozonishni maqsad qilganmiz.

- Yozgi transferlardan so'ng jamoa OCHLda ishtirok etishga tayyor tarkibga egami? Bo'shliqlar to'ldirildimi? 

Mirjalol Qosimov: Transferlar borasida O'zPFL reglamentiga bo'ysunishga majburmiz. Istagancha o'yinchi sotib ololmaymiz. Aslida, har bir poziciyada ikkitadan futbolchi bo'lsa, rivojlanish uchun zamin yaraladi. Mavjud tarkibdan kerakli natija ko'rsatishga harakat qilamiz.

- Sanjar Tursunovga savol: Qayta ta'mirlangan maydon holatini qanday baholaysiz?

Sanjar Tursunov: Yangilangan maydonga tushib ko'rdim. O'ylashimcha, hozirgi stadionni O'zbekistondagi eng yaxshisi deb ayta olaman.  

Mirjalol Qosimov: Shart-sharoitlar yaratib bergani uchun rahbariyatga minnatdorchilik bildiramiz. Bunday maydonga chiqqandan keyin odam rohatlanadi. O'zbekiston terma jamoasi ham o'z o'yinlarini shu yerda o'tkazsa bo'ladi.

- "Al Sib" murabbiyi Olmaliqda yaxshi mehmonxona yo'qligi sababli jamoasi Toshkentdan mazkur shaharga qatnayotganini aytdi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

- Ularning o'zlari poytaxtdagi mehmonxonani tanlagan bo'lsa kerak. Biz xorij mamlakatiga borishdan avval o'zaro maslahatlashamiz. Men, ilk navbatda, aeroportga e'tibor beraman, keyin mehmonxonaga, so'ngra maydonga ahamiyat qarataman. Stadionga uzoq bo'lgan hashamatli boshpanadan maydon atrofidagi oddiyroq mehmonxonani tanlayman.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia