

Garchi vodiyliklarning bugungi kundagi ahvoli ancha mushkul bo'lsa-da, har qanday raqibni hurmat qilish kerak. Ayniqsa yaralangan shyerdan qo'rqish kerak, degan ibora bejizga tug'ilmagan. Bu yog'iga “Navbahor” xoh o'z uyida bo'lsin, xoh safarda – maydonga faqatgina g'alaba uchun tushishga majbur. Buni yaxshi anglagan “Metallurg” futbolchilari mazkur o'yinga puxta tayyorgarlik ko'rayapti. Jamoa bugunga qadar Chirchiqda ikki mahaldan mashg'ulotlar olib borgan bo'lsa, bugun Bekobodga yetib keldi va tayyorgarlik endi shu yerda davom ettiriladi.
Bevosita jamoalarning o'zaro munosabatlariga to'xtaladigan bo'lsak, ustunlik namanganliklar tomonida. Ular 37 uchrashuvning 18 tasida g'alaba qozonishgan, 10 uchrashuvda esa bekobodliklarning qo'li baland kelgan. Yana 9 o'yinda kuchlar teng kelgan. To'plar nisbatidagi ustunlik ham “Navbahor” tomonida: 59:39.
Jamoalarning shu yil 4 noyabr kuni Bekobodda bo'lib o'tadigan uchrashuvini FIFA referesi Vladislav Seytlin boshqarib boradi. Unga qanotlarda Aleksandr Sidorov va Doniyor Saylolovlar yordam berishadi. Zahiradagi hakam Ravshan Kopadze. Mazkur uchrashuvda “Metallurg”ning tayanch yarim himoyachisi Doniyor Odilov jamoadoshlariga diskvalifikaciya bois yordam bera olmaydi. Bir kun muqaddam esa xuddi Odilov singari sariq kartochkalar to'planib qolganligi bois Asomiddin Abdurahmonov ham maydonga tusha olmaydi.
Metallurg (Bekobod) – Navbahor (Namangan)
Hakamlar: V. Seytlin (Toshkent), A. Sidorov (Toshkent), D. Saylalov (Toshkent), R. Kopadze (Farg'ona)
Nazoratchi: B. Galeev (Urganch).
O'zPFL vakili: N. Lutfulin.



