Maydonga chiqqanda daraja va reyting unut bo'ladi

Xayrulla Xoliqov
26 mar 2021
O'zbekiston milliy terma jamoasi o'rtoqlik uchrashuvida Ganani 2:1 hisobida mag'lub etdi.

O'yin chinakam o'rtoqlik maqomida bo'ldi. Masalan, har ikki jamoaning bitta samolyotda Namanganga borishi bunga yaqqol misol. Menga ko'proq o'yindan keyin "islandcha qarsak" ka ganalik futbolchilarning ham turib bergani maqul keldi. Aytaylik, boshqa jamoa bo'lganida mag'lubiyatga uchragani bois darhol kiyim almashtirish xonasiga yo'l olishi ham mumkin edi. 

Anchadan beri to'liq tarkib yig'ilganini ko'rmagandik. Legionerlar ham keldi, tarkib optimal ko'rinishda bo'ldi. Biz maydonda kutgan Eldor Shomurodov, Oston O'runov, Otabek Shukurov kabi futbolchilar minglab muxlislar qarshisida maza qilib to'p tepishdi. 

O'yinda hayajon, shu bilan birga bosim ham yuqori bo'ldi. Bo'sh joy qolmagan tribunalar qarshisida o'ynar ekansan, xayoling faqat g'alabada bo'ladi. Bundan boshqasini ko'z ko'rmaydi. Bu o'rinda futbolchilarimiz raqibning darajasi va qaysi tarkib bilan kelganiga umuman e'tibor bermasliklari kerak edi va shunday bo'ldi ham. Zero, milliy terma jamoa yig'ilib kimga qarshi o'ynamasin, doim muxlislar diqqat-markazida bo'ladi. 

O'yindagi tezkor gol futbolchilarimiz ruhiyatini balandlatib yubordi. 4-daqiqadayoq Otabek Shukurovning kuchli zarbasi bilan hisob ochilishi jamoamizga qo'shimcha kuch berdi. Futbolchilar ketma-ket gollar urishni shunchalik xohlashdiki, keyingi daqiqalarda omad yuz o'giraverdi. O'zi ko'p o'yinlarda shunday bo'lib turadi: ko'p gol urishni istagan jamoaning biroz omadi kelmay qoladi. Bunday vaziyatlarda sovuqqonlik yetishmaydi. 

Muhimi esa yakunda baribir g'alaba qozonganimiz. Stadionni to'ldirib turgan muxlislar uyga xushkayfiyatda kyetishdi. O'yindan oldin Gana tarkibi ko'p muhokamalarga sabab bo'ldi. Ularda B tarkib bo'ladimi yoki V tarkibmi, muhimi bu emas. Muhimi, ularning Gana terma jamoasi sifatida O'zbekistonga kelgani. Futbolchilarimiz maydonga chiqach, raqibning darajasi va reytingini unutib, bor e'tiborni futbol o'ynash va g'alaba qozonishga qaratishdi. Agar raqibni mensimaslik holati kuzatilganida, bu narsa bizga qimmatga tushishi mumkin edi. 

Endi oradan uch kun o'tib Iroqqa qarshi bahsni o'tkazamiz. Aytish mumkinki, bu birmuncha qiyin bellashuv bo'ladi. Zero Iroqning hozirgi tarkibi ham jahon chempionatiga chiqishga harakat qilmoqda. Ular ham eng kuchli futbolchilarini maydonga tushiradi. 

Gana bilan o'yin FIFA reytingiga ta’sir qilmaydi. Lekin Iroqqa qarshi bahsdagi natija ta’sir qilsa kerak. Shu bois keyingi o'yindagi g'alaba ikki karra kuch bag'ishlashi aniq. Eng asosiysi mazkur ikkita uchrashuvdan murabbiylarimiz qanday xulosa chiqarishi. Chunki hammasi iyun oyida Saudiya Arabistonida bo'ladigan JCH-2022 saralash bosqichining qolgan turlari yo'lida qilinayotganini unutmaylik. 


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia