

Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasiga 2014 yilda asos solingan bo'lib, u OFK Ustavi asosida qitaning tan olingan 5 ta mintaqasidan biri sanaladi. Ushbu assotsiatsiyaga Afg'oniston, Tojikiston, Turkmaniston Eron, Qirg'iziston va O'zbekiston futbol assotsiatsiyalari a'zo sanaladi.
2018 yilning fevral oyida tashkilotning navbatdan tashqari Kongressida O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining birinchi vice-prezidenti Umid Ahmadjonov yangi prezident etib saylandi. Shundan buyon tashkilot ulkan hajmdagi ishlarni amalga oshirdi.
MOFA tarixida birinchi marta Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun musobaqalar va tadbirlar taqvimi ishlab chiqildi va u tashkilotga a'zo federatsiyalar tomonidan tasdiqlandi. Ushbu tadbirlar rejasi asosida MOFA shu yilning o'zida 4 ta MOFA chempionati, bundan tashqari tarixda birinchi marta hakamlik va murabbiylik kurslarini o'tkazishni rejalashtirgan. Shu sababli ham bugungi kunda MOFAning ushbu davrini FIFA hamda Osiyo Futbol Konfederatsiyasi “Yangi ibtido” deb tan olayapti.



