Kutib oling, klublar futboli qaytmoqda...

Narzulla Saydullayev
29 mar 2019, 13:31
FIFA kunlari munosabati bilan Yevropa milliy chempionati bahslari ikki haftalik qisqa tatilga chiqqan edi.

Bugun tunda bir qator chempionatlarda navbatdagi tur o'yinlari boshlanadi va klublar futboli yana qaytadi.

Rossiya premer-ligasida 21-turning dastlabki uchrashuvi Samaradagi "Kosmos Arena" stadionida bo'lib o'tadi. Unda Vitaliy Denisov o'ynayotgan "Krilya Sovetov" klubi Tulaning "Arsenal" klubini qabul qiladi. Musobaqa jadvalida deyarli yonma-yon borayotgan jamoalar o'rtasidagi bahs qiziqarli kechishi aniq. Mezbonlar g'olib bo'lishsa, ochkolar bo'yicha "Arsenal"ga yetib olishadi.



Bugun Germaniya Bundesligasida 27-tur boshlanadi. "Xoffenxaym" o'z muxlislari qarshisida Leverkuzenning "Bayer" klubi bilan kuch sinashadi. Ayni paytda "Bayer" musobaqa jadvalida 42 ochko bilan 6-o'rinda bormoqda. Yulian Nagelsmann shogirdlari esa 38 ochkoga ega. Bundan ko'rinib turibdiki Andrey Kramarich jamoadoshlari bugun g'alaba qozonib, "Bayer"ga yetib olish uchun harakat qilishadi. "Xoffenxaym" chempionat doirasida o'z maydonidagi oxirgi uchta o'yinda yutqazmadi. "Bayer" esa birinchi davradagi sharmandali mag'lubiyat (1:4) alamini olish uchun kurashadi.




Italiya A seriyasida 29-turning dastlabki o'yini "Kevo" va "Kalyari" o'rtasida kechadi. Eng so'nggi o'rinda borayotgan "Kevo" ortda qolgan 28ta tur davomida faqat bir marta g'alabaga erishgani e'tiborga molik. Ushbu klub yangi mavsumni B seriyada boshlashi deyarli aniq. "Kalyari" esa xavfli zonaga tushib qolmaslikka harakat qilmoqda. Jamoani xavfli zonadan 6 ochko ajratib turibdi.



Fransiya chempionati 30-turining ochilish o'yinida "Lion" safarda "Renn" mehmoni bo'ladi. PSJ degan klub bor ekan Fransiyada chempionlik taqdiri deyarli hal bo'lganini muxlislar juda yaxshi bilishadi. Ayni paytda "Lion" "Lill" bilan kumush medallar uchun kurash olib bormoqda. "Renn" esa yangi mavsumda evrokuboklarda ishtirok etish huquqini beruvchi o'rinlarga intilmoqda. Qizig'i birinchi davrada "Lion" o'z uyida "Renn"ga 0:2 hisobida yutqazib qo'ygan edi.




Ispaniya chempionatida 29-turning ilk uchrashuvi Kataloniyada bo'lib o'tadi. Unda "Jirona" Bilbaoning "Atletik" klubini qabul qiladi. Hozirda bu ikki klubni 3 ochko ajratib turibdi. Bilbaoliklar 37 ochko bilan 9-o'rinda borishmoqda, "Jirona" esa 34 ochkoga ega va 12-pog'onadan joy olgan.





O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia