Kecha, bugun va ertaga. Yoshlar endi Olimpiya terma jamoasiga aylandi

Nadirkhuja Yuldashev
8 iyul 2013, 12:17
O'zbekiston yoshlar terma jamoasining Turkiyada davom etayotgan jahon chempionatidagi ishtiroki yakuniga etdi.
Yoshlarga rahmat!
1993 yilda tavallud topgan terma jamoamizning ham kecha va buguni ortda qolayapti. Katta potencialga ega bu futbolchilarimiz 2012 yili BAAda bo'lib o'tgan Osiyo chempionatida yarim finalga qadah yetib borgan edilar. Bugun esa Turkiyadagi jahon chempionatida ishtirok etib qaytdilar. Avvalo mana shu natijalarga erishib muxlislarni quvontira olgan futbolchi va murabbiylarimizga katta rahmat aytishimiz lozim. Jahon chempionatida qayd etilgan bu natija biz uchun muvaffaqiyat deb atasak bo'ladi. Bironta sobiq ittifoqidan chiqqan davlat biz kabi yuqori natijaga erishayotgani yo'q. Eng muximi poydevor qo'yilyapti. 1/8 finaldan uyog'iga o'tgan terma jamoalarning barchasi jismoniy tayyorgarchilik bo'yicha kuchli jamoalar. Biz ham bir kun kelib shu darajaga chiqa olamiz. Futbolchilarimiz texnika borasida katta o'sishga erishyaptilar. Xorvatiya bilan bir bo'lim tengma-teng o'ynadik. Hatto ustunlikka erishgan joyimiz ham bo'ldi. Ammo ikkinchi bo'limda charchab qoldik. Endi ichki futbolimizga, jismoniy tayyorgarlikni oshira oladigan horijlik mutaxassislarni ko'proq jalb qilishimiz kerak. Biz aynan shu nuqson tufayli himoyada tura olmaymiz, shu boisdan yakka kurashlarda yiqilamiz. Ikkinchi qavatda bo'shmiz. Bularning barchasi jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy yo'qligidan. Balki horijdan jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy chaqirish katta mablag' talab qilishi mumkin, ammo muvaffaqiyat yo'lida harajatdan qochmasligimiz kerak. Balki har bir musobaqadan keyin ajratiladigan mukofot pulini, o'sha xorijlik mutaxassisga ishlatishimiz kerak. Axir yoshlarimiz vatan uchun o'ynashadi-ku, mashina uchun emas!


Turkiyani lol qoldirgan O'zbekiston
Haqiqatdan ham turkiyaliklar O'zbekiston terma jamoasi borasida juda ilq gaplarni aytishdi. Ularni aksariyati finalda O'zbekiston - Turkiya o'yinini bo'lishi istashlarini bildirishdi. Ammo birgina istak bilan muvaffaqiyatga erishib bo'lmaydi. Afsuski, bizdan avval turklarni o'zlari musobaqa bilan xayrlashdilar. Terma jamoamiz ko'rsatgan hujumkor va aniq paslardan tuzilgan o'yin surati ko'pchilikka manzur keldi. Aslini olganda himoyaviy futbol biz uchun emas, biz himoyada turishni bilmaymiz. Lekin hujum qilsak yoki to'pni o'zimizda ushlasak raqib uchun ancha qiyin bo'ladi. Shunday bo'lsa kerak, tarixiy yulduzlarimizning ham bari yarim himoyachi-yu, hujumchilar. Jamshid Iskanderovning o'yinlari hammaga manzur bo'ldi. Afsuski teppa-tekis maydonda jarohat oldi. Bu ham biz atletik murabbiyga muhtojligimizdan dalolat. OCHL va terma jamoa o'yinlaridan ko'rganmiz, arab o'yinchilari juda ham chaqqon, himoyachisidan tortib hujumchisigacha qaychi uslubini birdek o'zlashtirganlar. Bizda biron bir futbolchimiz qaychi uslubida tepadigan bo'lsak shunaqangi olqishlaymiz... Ikkinchi posbon deb mensimaganimiz Qatar darvozaboni birinchi bo'limda bizga hech qanday imkoniyat bermadi. Bularning bari jismoniy tayyorgarlik va atletizm bo'yicha mutaxassisning mehnati tufayli. Agar bizda ham shunday murabbiy bo'lganida, tekis joylarda jarohat olmas edik.


O'zbekistonni lol qoldirgan zaxira o'rindig'i
Terma jamoamiz Turkiyaga ketishidan avval yozgan maqolamda, zaxira o'rindig'ida o'tirgan futbolchilar JCHga munosib emasliklarini qayd etgan edim. Bundan terma jamoa atrofidagi deyarli barcha hafa bo'ldi. Mana ko'rdik, birgina Iskanderovning 24-daqiqada maydonni tark etishi, Urugvay bilan bo'lgan o'yin taqdirini hal qildi. Ikki nafar himoyachimizni diskvalifikaciyasi esa Fransiyaga darvozamiz eshiklarini ochib berdi. Zaxira o'rindig'ini kuchaytira oladigan o'yinchilar kimlar? Men Hakimovni, Abdumo'minov yoki Toshpo'latovni olib keting demayman. 2 yil davomida bosh murabbiy yordamchilari bilan Respublika bo'ylab istedodlarni saralashlari kerak emasmidi? Huddi terma jamoamizda bo'lgani kabi, viloyat klublarida ham haqiqiy o'yinchilar, "arzandalar"ning soyalarida qolib ketayapti. Buning uchun MTJda bo'lgan kabi, Ahmadjon Musaev ham "Lokomotiv"dan ketishi kerak! Zaxiradan maydonga tushgan bironta futbolchi, asosiy tarkibdan to'p tepayotganlaridan bir kalla ustun emaslar. Mayli ustun bo'lmasinlar, ammo o'yinchi almashtirishdan maqsad nima? Maqsad o'yinni kuchaytirish yoki o'sha tempni ushlab turish, afsuski bugungi zaxira bilan bunga erishib bo'lmadi. Menimcha bu murabbiylar uchun katta dars bo'ldi. Agar bu sayyohlarimiz doim terma jamoa bilan birga bo'lishni istasalar bunga ham echim bor. Bugunga kelib ko'plab sayyohlik firmalar musobaqalarga turistlarni olib ketishyapti. Marhamat pulni to'lang va terma jamoamizni qo'llab-quvvatlang! Agar o'z saviyangizdan kelib chiqib, birovni o'rnini egallab turayotganingizni xis qilsangiz, shu sayt o'quvchilari va millionlab futbol muxlislari nomidan Sizlardan iltimos qilaman, yo'lni haqiqiy o'z egasiga bo'shatish orqali terma jamoamizga foyda keltiring! Achinarlisi shundaki, ko'z oldimizdagi istedodni o'zimiz ko'rmaymiz. Ko'rsak ham mensimaymiz. Aksincha, Fransiya yoshlar terma jamoasining bugungi kundagi tarkibi, o'sha ko'z ilg'amas joylardan topib kelingan afrikalik va bir paytlar, bir qultum suvga zor bo'lgan insonlarning farzandlari.


Kecha va bugunni unutamiz, ertaga Olimpiada!

Turkiyadagi jahon chempionati biz uchun tarixga aylanib bo'ldi. 2014 yil 22 yoshli futbolchilar o'rtasida bo'lib o'tadigan Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun saralash o'yinlari bo'lib o'tadi. Osiyo chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritgan terma jamoa, 2015 yili bo'lib o'tadigan Osiyo chempionatida olimpiada yo'llanmasini uchun kurash olib boradi. Bu safar Olimpiada o'yinlari uchun OFKning saralash o'yinlari bir musobaqa shaklida o'tkaziladi. Yarim final finalga qadar yetib kelgan terma jamoalar to'g'ridan-to'g'ri Braziliyada bo'lib o'tadigan forumda ishtirok etadilar. Tabiiyki taqdirni hal qiladigan turnir kichik vaqt ichida bo'lib o'tsa, unda "turist"larga o'rin bo'lmasligi kerak. JCHdan farqli ravishda olimpiada uchun Yaponiya, Eron va Janubiy Koreya terma jamoalari jiddiy kurash olib boradilar. Ulardan tashqari, BAA, Iordaniya, Iroq va Avstraliya terma jamoalari bor. Yana bizning eng katta muammoimiz, 20 yoshdan keyin o'yinchilarimiz saviyasini tushib ketishi. Yuqoridagi terma jamoalarda esa aksincha, bu yoshdan so'ng kuchaya boshlashadi. O'tish bosqichidan chiqib ketish uchun ikki omil muxim ahamiyat kasb etadi. Birinchisi futbolchini o'z ustida tinmay ishlashi, bunga qadar Osiyo va jahon chempionatlarida qo'lga kiritilgan yutuqlar hali hech nima emasligini tushunib yetishlari va murabbiylarimizni halol xizmat qilib, vatan ishonchini suistemol qilmasliklari kerak bo'ladi. Maqsadimiz olimpiadaga chiqish ekan, vatanimiz dovrug'ini tanitish ekan, telefondagi iltimoslarga RAD javobini berish uchun kuch topa olishingiz kerak.


Yoshlarni MTJga jalb qilish kerak, yo'q shart!
Mayli ular Iordaniya bilan o'yinda o'ynashmasin. Lekin sekin-sekin ularni kattalar futboliga qo'shib borishimiz kerak. Iskanderov, Rahmonov, Kozak va Sobirxo'jaev kabi futbolchilarimiz Jeparov, Ahmedov, Denisov kabi akalarining oldida "molodoy" bo'lib, asl futbol nima ekanligini tushunib yetishlari lozim. Braziliyada bo'lib o'tadigan jahon chempioantida ishtirok etamizmi yoki yo'q bilmadim. Ammo kelajak, aynan mana shu yoshlarniki. Ularni hozirdan terma jamoa havosidan nafas olishlarini taminlash kerak. Balki MTJdan bironta murabbiy Turkiyadagi JCHda ishtirok etganida, futbolchilarimiz uchun qo'shimcha kuch bo'larmidi? Masalan, men shunday o'ylagan bo'lar edim: "Agar yaxshi o'ynasam, albatta terma jamoadan chaqiruv olaman"!


Ha, mayli. Musobaqa ham ortda qoldi. Endi hato va kamchiliklar ustida ish olib borishimiz lozim. Olimpiada terma jamoasiga kim murabbiy bo'ladi, buni bari-bir O'FF hal qiladi. Lekin jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy chaqirmasak bo'lmaydi. Bu avlod o'z imkoniyatini yanada oshirishi uchun, albatta jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy kerak.


Nodirxo'ja Yuldashev


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia