Joan Laporta: "Lamin Yamal - daho, dunyoda o'z poziciyasida eng yaxshisi, ammo hali cho'qqiga etmagan"

Aslanov Jasurbek
12 noya 2025, 18:15
"Barselona" prezidenti Joan Laporta jamoa vingeri Lamin Yamalning turmush tarzi haqida fikr bildirdi.

Avvalroq, 18 yoshli futbolchi noyabr oyida Gruziya va Turkiyaga qarshi o'yinlarda ishtirok etmasligi ma'lum qilingandi. Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi Yamalning ogohlantirishsiz son qismdagi noqulaylik uchun davolanganidan hayratda qolgan edi.

"U 18 yoshda hayotdan zavq olyapti va o'z yoshiga nisbatan juda etilgan. Uni turmush tarzi mutlaqo bezovta qilmaydi. Uning atrofidagilar va biz Yamalni qo'llab-quvvatlashimiz lozim.

U ko'p muammolarga duch keldi va hammasini a'lo darajada engib o'tmoqda. U haqiqiy professional va boshqalardan ko'ra qattiqroq mashq qiladi.

Uning son qismida muammosi bor, ammo shunga qaramay o'ynashda davom etayotgani tahsinga sazovor. Bu uning "Barselona"ga bo'lgan sadoqatini va fidoyiligini ko'rsatadi.

Lamin - daho va biz uning rivojlanishini to'g'ri yo'naltirishimiz kerak. U hali o'z cho'qqisiga etmagan. Yamal o'z poziciyasida dunyodagi eng yaxshi futbolchi."

Yamalning jarohati va federatsiyani xabardor qilmaslik haqida

"Biz bu haqda bilishimiz bilanoq ularni xabardor qildik. Tabib unga 10 kun dam olish kerakligini aytganida, bu ma'lumotni terma jamoaga etkazdik. Biz hammani hurmat qilamiz va tortishuvlarga kirishmaymiz.

Biz futbolchilarni o'zimiz belgilagan suratda tiklaymiz. Bu shifokor haqiqiy mutaxassis - u dushanba kuni kelib, Lamini ko'zdan kechirdi va davolash rejasini taqdim etdi. Hammasi juda oson kechdi. Biz Yamalni jamoada ko'rishni xohlaymiz.

Bu tanaffus terma jamoa safar o'yinlari bilan to'g'ri keldi, ammo bu Ispaniyaning JCH-2026 finaliga chiqish imkoniyatiga ta’sir qilmaydi, deb o'ylayman. Biz "Barselona" manfaatlarini himoya qilgan holda o'z ishimizni qilyapmiz", - dedi Laporta "Catalunya Ràdio"ga bergan intervyusida.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: As