Jasur Hamroev: Dinamo Superliga yo'llanmasi uchun oxirigacha kurashadi

Narzulla Saydullayev
10 noya 2020, 20:42
Pro liga 16-turi doirasidagi Dinamo - Neftchi (2:0) uchrashuvidan keyin shu kuni Samarqand jamoasini maydonga boshlab tushgan Jasur Hamroev o'yin haqida to'xtaldi.

Muhim g'alabaga erisha olganimiz va muxlislarimizni quvontirganimizdan xursandman. Bugun butun jamoamiz o'yindagi g'alaba bizga qay daraja muhimligini yaxshi anglagandi. Bilasiz, hozir Superliga uchun to'rt klub kurash olib bormoqda va har bir o'yin juda og'ir o'tmoqda. Yigitlar mas'uliyatni chuqur anglagan holda maydonda borlarini berishdi va uch ochkoga ega chiqishdi. Ushbu g'alaba uchun har bir futbolchidan tortib klubning oddiy qorovuligacha hissasi bor, deb o'ylayman.

Bugun yigitlar ham, biz ham hech qanday bosimni his qilganimiz yo'q, eng avvalo Samarqand shani va futboli uchun maydonda borlarini berishdi. Maqsad o'zgarmaydi – Superliga uchun oxirigacha kurashishda davom etamiz. Elitaga chiqishimizni muxlislar kabi har bir futbolchi ham xohlaydi. Yigitlarimizda o'yindan-o'yinga ishonch ortishiga ishonaman.

Tarkibdagi o'zgarishlar? Jiddiy rotaciya qildik deb o'ylamayman, hammasi o'sha o'zimizni tarkibdagi futbolchilar. Bugun o'zlariga ko'proq ishonishdi, omad ham biz tomonda bo'ldi. Qolaversa, bugun hujum chizig'ida maydonga tushgan Amirjon Safarovni alohida etirof etgan bo'lardim. U hujumda bo'lgani kabi yarimhimoyaga ham katta yordam berdi, o'yinni o'ziga olishga intildi. Umuman olganda, jamoamiz asosi yoshlardan iborat ekanligi uchun ularning o'yindan-o'yinga o'ziga bo'lgan ishonchi ortadi. Yigitlarimiz mehnatlari evaziga peshqadam Neftchidan ustun kelishdi. Ulardan ishtiyoq kuchli bo'ldi.

Sho'rtan bilan o'yin? Orqaga yo'l yo'q. Ertadan navbatdagi bahsga tayyorgarlik ko'ramiz. Butun jamoa katta ishtiyoq bilan mehnat qilib, navbatdagi bahsda ham faqat g'alabani ko'zlaydi, - deydi o'yindan keyin Jasur Hamroev.

Ma'lumot uchun, Dinamo navbatdagi turda o'z maydonida Sho'rtan klubini qabul qiladi. Bahs 14 noyabr shanba kuni o'tkaziladi.

Usmon Ibodov yozib oldi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcdinamo.uz