Jamoasini YCHL guruh bosqichiga olib chiqqan azamatlar #2 FOTO

Narzulla Saydullayev
27 avg 2015, 17:50
Kecha Yevropa chempionlar ligasi pley-off bosqichi doirasidagi 5ta o'yin bo'lib o'tdi.

Bir kun oldingi o'yinlarda o'zini ko'rsatgan 5 nafar futbolchi haqida maqola tayyorlagandik. Manba. Navbat kecha bo'lib o'tgan bahslarda qahramon bo'lganlarga yetib keldi.


Qozog'iston klubi birinchi marta Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etadi! Qo'shnilarimiz chempioni Yevropaning eng nufuzli musobaqasida o'ynaydi. "Astana" Kiprning APOEL klubi qarshiligini enga oldi. Dastlabki o'yinni o'z maydonida o'tkazib 1:0 hisobida zafar quchgan "Astana" javob bahsida 1:1 hisobida durang o'ynadi. Bunda jamoaning serbiyalik yarim himoyachisi Nemanya Maksimovichning xissasi katta bo'ldi. O'z vaqtida "Verona"da o'ynagan futbolchi shu yilning fevral oyida Qozog'iston klubiga kelgan. Javob bahsida aynan u so'nggi daqiqalarda mezbonlar darvozasiga gol urdi.


APOEL (Kipr) - "Astana" (Qozog'iston) 1:1 (birinchi o'yin 0:1)
Qahramon - Nemanya Maksimovich



"Manchester Yunayted" qaytdi. Bir yillik tanaffusdan so'ng "qizil iblislar" Yevropa maydoniga qaytdi. Jamoa pley-offda Belgiyaning "Bryugge" klubini ikki o'yinda ham taslim qildi. Manchestyerda o'tgan ilk bahsda Memfis Depay dublga erishgandi. Kechagi javob o'yinida Ueyn Runi xet-trikka erishdi. Shu bois ikkala futbolchini qahramon sifatida tanladik.

"Bryugge" (Belgiya) - "Manchester Yunayted" (Angliya) 0:4 (birinchi o'yin 1:3)
Qahramonlar - Memfis Depay va Ueyn Runi



Belarusning BATE klubi Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichiga Serbiya chempioni "Partizan"ni engib yo'l oldi. Ilk o'yinda 1:0 hisobida zafar quchgan BATE javob bahsida birinchi bo'lib gol urdi. Igor Stasevich tomonidan kiritilgan to'p belaruslarning imkoniyatini oshirib yubordi. To'g'ri o'yin davomida serblar ikkita gol urishdi, ammo bu keyingi bosqichga chiqish uchun etarli bo'lgani yo'q.

"Partizan" (Serbiya) - BATE (Belarus) 2:1 (birinchi o'yin 0:1)

Qahramon - Igor Stasevich



"Bayer" klubi Rimning "Lacio" klubi to'sig'idan o'ta oldi. Italiyada tashkil etilgan bahsda "Lacio" 1:0 hisobida zafar quchgandi. Javob bahsida esa nemislar yirik g'alabaga erishishdi. Bu yirik g'alabaga Xoqon Chalxonogluning tezkor goli zamin yaratib berdi.

"Bayer" (Germaniya) - "Lacio" (Italiya) 3:0 (birinchi o'yin 0:1)
Qahramon - Xoqon Chalxonoglu



O'tgan mavsum Rimning "Roma" klubiga sotib yuborilgan Seydu Dumbiya yana SSKAga qaytdi. Afrikalik futbolchi bo'lmaganida balki Moskva klubi guruh bosqichiga chiqa olmasmidi. Har holda aynan Seydu Portugaliyada bitta, Moskvadagi o'yinda ikkita gol urdi. Haqli ravishda aynan Dumbiyani SSKAning qahramoni sifatida tanladik.

SSKA (Rossiya) - "Sporting" (Portugaliya) 3:1 (birinchi o'yin 1:2)

Qahramon - Seydu Dumbiya



Narzulla Saydullaev tayyorladi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia