Italiyada U-21 Yevropa chempionati bo'lib o'tayotganidan xabaringiz bormi?

Xayrulla Xoliqov
20 iyun 2019, 19:06
Shu kunlarda Italiyaning 6ta shahrida 21 yoshgacha bo'lgan futbolchilar orasida Yevropa chempionati bo'lib o'tyapti.

Ushbu musobaqada 12ta jamoa qatnashmoqda. Jamoalar to'rttadan uch guruhga bo'lingan: 

"A" guruhi - Italiya, Ispaniya, Polsha, Belgiya. 

"B" guruhi - Germaniya, Daniya, Serbiya, Avstriya.

"C" guruhi - Angliya, Fransiya, Ruminiya, Xorvatiya. 

Musobaqaga 16 iyun kuni start berildi va 30 iyunga qadar davom etadi. Musobaqa nizomiga ko'ra, har bir guruh peshqadami hamda bitta eng yaxshi ko'rsatkich qayd etgan ikkinchi o'rin sohibi keyingi bosqichga yo'l oladi. Final 30 iyun kuni Udine shahridagi "Dachia Arena" stadionida bo'lib o'tadi. 

Hozircha quyidagi uchrashuvlar bo'lib o'tdi: 

Polsha - Belgiya 3:2 

Italiya - Ispaniya 3:1

Ispaniya - Belgiya 2:1 

Italiya - Polsha 0:1 


Serbiya - Avstriya 0:2

Germaniya - Daniya 3:1 


Ruminiya - Xorvatiya 4:1 

Angliya - Fransiya 1:2 


Yaxshi bilasiz, bu yoshdagi Yevropa chempionati ko'plab iqtidor egalarini kashf etib beradi. Shunga qaramay, hozir ham U-21 qita birinchiligida bir nechta nomi chiqqan futbolchilar harakat qilmoqda. 

Masalan, mezbon jamoa Italiya tarkibida shunday o'yinchilardan Janluka Manchini ("Atalanta"), Alessandro Bastoni ("Parma"), Lorenco Pellegrini ("Roma"), Federiko Keza ("Fiorentina"), Moyze Kin ("Yuventus"), Nikolo Zaniola ("Roma") kabilar bor. Federiko Keza allaqachon o'z hisobiga ikkita gol yozib qo'yishga ulgurdi. 

Ispaniya yoshlar termasi tarkibida Fabian Ruiz ("Napoli"), Dani Sebalos ("Real"), Mikel Oyarzabal ("Real Sosedad"), Pablo Fornals ("Vest Xem") kabi futbolchilar harakat qilmoqda. 

Shuningdek, Serbiya termasi safida Nikola Milenkovich ("Fiorentina"), Sasha Lukich ("Torino") hamda yaqinda "Real" bilan shartnoma imzolagan Luka Yovich to'p tepyapti. Angliya tarkibidagi Dominik Solankeni ham muxlislar yaxshi bilishsa kerak, u "Bornmut" hujumchisi hisoblanadi. Bundan tashqari 2013 yil O'zbekiston o'smirlar termasiga qarshi o'ynagan Alen Xalilovich Xorvatiya yoshlar termasi sardori sifatida harakat qilyapti. 

U-21 Yevropa chempionati har ikki yilda bir marta o'tkazib kelinadi. Musobaqaning amaldagi g'olibi Germaniya hisoblanadi. Bu yilgi qita birinchiligida kuchli to'rtlikdan joy olgan jamoalar kelasi yil Tokido o'tkaziladigan Olimpiada o'yinlari yo'llanmasiga ega chiqadi.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia