

- Bo'lajak o'yinga jiddiy tayyorgarlik ko'rdik. Boisi, “Paxtakor” amaldagi mamlakat chempioni va joriy mavsumning ortda qolgan bahslarida yuz foizlik natija qayd etgan turnir peshqadami. Bir so'z bilan aytganda, kuchli raqib. Ammo “Navbahor” bu yil o'z oldiga jiddiy maqsadlar qo'ygan hamda har qanday jamoaga munosib qarshilik ko'rsata olishga qodir, yani, biz raqib tanlamaymiz. Ayniqsa, Namangandagi o'yinlarda har qanday jamoaga qiyin bo'lishi shubhasiz.
Bo'lajak uchrashuvlarda jamoaviy o'yin namoyish etib, o'yindan – o'yinga natijalarni yaxshilab, muxlislarni xursand etishga harakat qilamiz. So'nggi turlarda jamoamizga omad yetishmadi. Ammo hali muxlislar kutgan quvonchli va g'alabali onlarimiz oldinda.
Xudo xohlasa, “Paxtakor”ga qarshi kechadigan bahsda g'alaba qozonib, muxlislarimiz, qolaversa, murabbiylarimiz va bizga shunchalik shart - sharoitlar yaratib berayotgan jamoamiz rahbarlariga yutuqni taqdim etamiz. Buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Muxlislardan esa 7 aprel kuni jamoamizni har doimgidek, 12-o'yinchi sifatida munosib tarzda qo'llab-quvvatlashlarini so'rayman. Bu bizga qo'shimcha ruh va quvvat beradi hamda g'alabamizga madad bo'ladi, degan umiddaman.
Biz – futbolchilar doimo ishqibozlarning ishonchlarini oqlashga intilamiz", - deydi Islombek Isoqjonov.



