
Yaqinda ushbu davlatda ham premer liga o'yinlari boshlandi. Ivanicaning “Yavor” klubi chempionat taqvimiga ko'ra dastlabki o'yinni o'z maydonida o'tkazdi.
“Crvena Zvezda”ni qabul qilgan Bogicha Bogichevich jamoasi mavsumni muvaffaqiyatli boshladi. Boisi Husniddin G'ofurov to'p surayotgan jamoa shu kuni raqibini 4:2 hisobida mag'lubiyatga uchratib, muxlislarini quvontirdi. Mazkur bahsda “Yavor” murabbiylar shtabi asosiy e'tiborni tajribali o'yinchilarga qaratdi va ko'proq yetakchilarning xizmatidan foydalandi.
Shu bois legionerlar limiti yuzaga kelganligi sababli G'ofurov “Crvena Zvezda” bilan o'yinda tarkibga kiritilmadi.
17 avgust shanba kuni esa premer liganing 2-tur o'yinlari bo'lib o'tdi.
“Yavor” bu gal endi safarda “Donji Srem” jamoasi bilan kuch sinashdi. Shu kuni Ivanica jamoasi mehmonda o'ynashiga qaramay, yakunda o'zi uchun ijobiy bo'lgan natija bilan qaytishga erishdi deyish mumkin, “Donji Srem” – “Yavor” 1:1. Shu tariqa ikki o'yinda 4 ochko qo'lga kiritgan “Yavor” hozirda chempionat peshqadami bo'lib turibdi.
Safarda kechgan o'yinda bosh murabbiy iqtidorli hujumchimiz G'ofurovni o'yin qaydnomasiga kiritdi. Ammo hamyurtimiz shu kuni zaxirada qoldirildi.
- Murabbiylar keyingi uchrashuvlarda o'ynash uchun imkoniyat berishlarini aytdi – deydi Husniddin G'ofurov. Maydonga tushishga va jamoamga foyda keltirishga doim tayyorman.
Umid qilamanki, keyingi bahslarda yangi jamoam tarkibida rasmiy debyutimni o'tkazaman. Asosiy maqsadim har bir o'yinda “Yavor” uchun foydali gollar urib, jamoamning muhim o'yinchilaridan biriga aylanish.