Futzal. Maksam-Chirchiq – 2013 yilgi Uyushma Kubogi g'olibi!

Narzulla Saydullayev
27 sen 2013, 13:09
2013 yilgi Futzal Uyushmasi Kubogi finali musobaqaning eng asosiy o'yini maqomini to'la oqladi.

Unda Maksam-Chirchiq va Ardus jamoalari juda shiddatli o'yin ko'rsatib, O'zbekiston sport majmuasiga yig'ilgan tomoshabinlarga futzalning barcha go'zalliklaridan bahra olish imkonini berishdi. Final to'qnashuvida esa raqib darvozasiga uchta gol urib, o'z darvozasidan atigi bitta gol olib chiqqan Maksam-Chirchiq g'olib chiqdi.

Final uchrashuvida Ardus deyarli optimal tarkibni ro'yxatdan o'tkazdi. Faqatgina jarohat olgan jamoa sardori – Andrey Shlyoma zayavkadan tashqarida qolib ketdi, ayni vaqtda, poytaxt jamoasi safini Dilshod Irsaliev, Farhod Abdumavlonov va Jamoliddin Sharipov to'ldirdi. Musobaqa start olgan vaqtda bu o'yinchilar Qozog'iston klubida ko'rikdan o'tishayotgan edi.

Tarkibi kuchaygan Ardusga Maksam-Chirchiq faqatgina o'zining yorqin va amalda mukammal o'yini bilan javob berishi mumkin edi. Xolisona aytganda, butun musobaqa davomida, Uyushma Kubogining boshqa ishtirokchilari bilan taqqoslaganda, chirchiqliklar eng yaxshi o'yinni ko'rsatishayotgan edi. Bunda jamoa faxriysi Bahodir Ahmedovni ham alohida ta'kidlab o'tish kerak. O'yinchi sifatida Maksam-Chirchiq sharafini himoya qiladigan futzal bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi 38 yoshida ideal tayyorgarlikka ega.

O'yinning o'zi tengkurashlar ostida o'tdi. Tomonlar himoyada ishonchli o'yin ko'rsatib, raqibning gol urishi uchun imkon bermaslikka harakat qilishdi. Uchrashuvdagi dastlabki gol 16-daqiqada urildi. Maksam-Chirchiq tezkor qarshi hujumga o'tdi va uni Ilhom Yusufjonov o'zining aniq zarbasi bilan muvaffaqiyatli yakunladi.

Yusufjonovning goliga Ardus A'zam Saidahmadovning aniq zarbasi bilan javob berdi. Raqib himoyachilaridan qochib ketishga muvaffaq bo'lgan Saidahmadov taymning so'nggi daqiqasida Maksam-Chirchiq darvozasi to'qqizligini aniq nishonga oldi.

Ikkinchi bo'lim o'zining shiddati va go'zalligi borasida birinchi taymdan ortda qolgani yo'q. Sportchilarining harakatlaridan shu kuni maydonda O'zbekistonning eng yaxshi futzalchilari to'p surayotgani ko'rinib turgandi. Ular orasidagi eng yoshi ulug' o'yinchi – Bahodir Ahmedov esa o'yin qahramoniga aylandi. Aynan Ahmedovning 32-daqiqada, jamoasining ajoyib hujumini gol bilan yakunlashi o'yinning borishini o'zgartirdi. Shundan so'ng Ardus tavakkal yurish qilib, maydonga beshinchi o'yinchini tushirdi.

Hisobda oldinga chiqib olganidan so'ng Maksam-Chirchiq himoyada o'ynab, hisobni saqlab qolishga harakat qildi. Ardus esa bor kuchi bilan hisobni tenglashtirish uchun intildi, biroq besh kishi bo'lib hujumda o'ynash ham poytaxt klubini mag'lubiyatdan qutqarib qola olmadi. Qo'shimchasiga, 40-daqiqada Maksam-Chirchiq darvozaboni Klim Tyugaev raqib darvozasi bo'sh ekanligidan foydalanib, hisobni 3:1 ko'rinishiga keltirdi.

Musobaqa yakunlariga ko'ra, turli yo'nalishlar bo'yicha eng yaxshilar aniqlandi:

Musobaqaning eng yaxshi o'yinchisi – Andrey Shlyoma (Ardus)
Musobaqa to'purari – Dilshod Rahmatov (Ardus)
Musobaqa eng yaxshi darvozaboni – Klim Tyugaev (Maksam-Chirchiq)

O'zbekiston Futzal uyushmasi Kubogi-2013, final
26 sentyabr, payshanba
Maksam-Chirchiq (Chirchiq) – Ardus (Toshkent) 3:1 (1:1)
Gollar: Ilhom Yusufjonov (16), Bahodir Ahmedov (32), Klim Tyugaev (40) – A'zam Saidahmadov (20).

Maksam-Chirchiq:
Darvozabon: 12.Klim Tyugaev, O'yinchilar: 8.Umid Xolmatov, 7.Xurshid Tojiboev, 6.Ilhom Yusufjonov, 10.Bahodir Ahmedov.
Zaxirada qolganlar: 1.A'zam Matvaliev; 9.Nikolay Odushev, 11.Shavkat Dekanov, 14.Maksim Gulyaev, 5.Jasur Sodiqov, 4.Javlon Anorov, 3.Yanis Manzukas, 16.G'ulom Mamajonov, 61.Rustam Gafarov
Bosh murabbiy: Abdug'appor Gafarov

Ardus:
Darvozabon: 12.Nikolay Kravchenko, O'yinchilar: 14.Konstantin Sviridov, 7.Dilshod Rahmatov, 11.Artur Yunusov, 10.Shaxzod Bo'riev;
Zaxirada qolganlar: 16.Murod Azamatov; 2.Zarif Begulov, 4.A'zam Saidahmadov, 6.Eldor Hoshimov, 9.Dilshod Irsaliev, 15.Jamoliddin Sharipov, 3.Farhod Abdumavlonov.
Bosh murabbiy: Baxtiyor Tog'aev


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz