
Mana kecha yurtdoshlarimiz Yevropa vakili Xorvatiyaga qarshi to'p surib, 2:1 hisobida g'alaba qozonishdi va guruhda ikkinchi o'rinni egallab, keyingi bosqichga chiqishdi.
FIFA tomonidan jahon chempionati bahslari o'tkazilayotgan har bir stadionda maxsus media oficeri ajratilgan bo'lib, u matbuot anjumanlarini tashkil qilish, matbuotga bog'liq bo'lgan boshqa ishlar bilan shug'ullanish hamda jurnalistlarni nazorat qilish bilan shug'ullanadi.
Xabaringiz bor, O'zbekiston o'smirlar termasi guruh o'yinlarini Fujayradagi stadionda o'tkazdi. Bunda biz – jurnalistlarga FIFA tomonidan 31 yoshli Muhammad Thabet biriktirib qo'yildi. Guruh bahslari yakuniga yetish arafasida FIFA media oficeri bilan suhbatda bo'ldik.
- Men asli misrlikman, - deydi Muhammad Thabet. – 2010 yildan beri Afrika futbol federatsiyasining matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritib kelyapman. Yaqinda FIFA media oficeri sifatida ish boshladim. Shu paytgacha faqat Afrika qitasida ishlab keldim. Bu esa birinchi bor Osiyoga kelishim. Aniqrog'i, FIFA meni media oficer sifatida birinchi marta shu musobaqada sinab ko'rmoqda.
- Turnir haqida qanday fikrdasiz?
- O'ylashimcha, jahon chempionati juda qiziq davom etyapti. Fujayradagi o'yinlarda menga ko'proq Marokash bilan O'zbekiston yoqdi. Aytishim mumkinki, sizlarda yaxshi jamoa bor.
- Ishlarni tashkil qilish va masalalarni hal etish borasida muammoga duch kelmayapsizmi?
- Yaxshi bilasiz, Misrda odamlar arab tilida gaplashadi. Shu bois menda til borasida muammo bo'layotgani yo'q. Menga bu yerda mahalliy federatsiya tomonidan yordamchilar biriktirilgan. Hozircha hamma bir-birimizni tushungan holda ishlab kelyapmiz.
- Musobaqa oxirigacha shu yerda qolasizmi?
- Yo'q, guruh o'yinlari yakuniga etgach, bu shaharda pley-off bosqichining bitta uchrashuvi o'tkaziladi va shundan so'ng mening ishim o'z yakuniga etadi. 30 oktyabr kuni Qohiraga uchib ketishni mo'ljallab turibman. Boshqa stadionlarda ham xuddi menga o'xshash FIFA media oficerlari ishlayapti, qaysi shaharda o'yinlar davom etaversa, hamkasblarim ham ishlashda davom etishadi.
- O'zbekiston termasining qaysi jihatlari ko'proq yoqdi?
- Menga futbolchilarning umumjamoa sifatida himoyalanishi juda yoqdi. Termangiz strategik tomondan mukammal futbol ko'rsatyapti. O'yinchilar borasida gapiradigan bo'lsam, jamoa sardori Otabek Shukurovning harakatlari maqul keldi.
- Sizga bu yerda asosan kim yordam beryapti?
- Bu borada birinchi navbatda hamyurtingiz Alisher Nikimbaevni tilga olishim lozim. Nikimbaev katta tajribaga ega mutaxassis va u ko'p xalqaro turnirlarni ko'rgan. Nikimbaev musobaqa boshlanganidan beri menga yordam berib kelyapti, shunday ekan, u kishiga alohida rahmat aytmoqchiman.
X.Xoliqov suhbatlashdi.