FIFA “Yevropa Premer-ligasi” turnirini tashkil etmoqchi, MYU va “Liverpul” esa bunga rozi

Eldor Akmurzayev
20 okt 2020, 20:15
Yevropaning top chempionatlaridagi grand klublar ishtirokida yangi musobaqa tashkil etish borasida muzokaralar olib borilmoqda.

Sky Sports manbasi bo'yicha, unda qatnashish uchun “Liverpul” va “Manchester Yunayted” rozilik bildirdi.

“Yevropa Premer-ligasi” nomi ostida o'tadigan yangi musobaqa 2022 yil mavsum o'rtalarida boshlanib, FIFA nomi ostida o'tishi rejalashtirilgan. Manbaga ko'ra, unda 18 ta klub bo'ladi.

"Barselona", "Atletiko", "Real", "Bavariya", "PSJ", "Yuventus" kabi Angliya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya va Italiyaning o'nga yaqin klublariga ham musobaqada ishtirok etish borasida taklif yuborilgan.

Turnirda beshta ingliz klubi qatnashishi mumkin. Qayd etilishicha, ushbu masalada “Manchester Siti”, “Tottenxem”, “Chelsi” va “Arsenal” vakillari bilan muhokama qilingan.

Hozirda homiylarni izlash ishlari olib borilmoqda va bu JP Morgan banki bo'lishi kutilmoqda. Evroligani yaratish uchun zarur bo'lgan mablag' esa 6 mlrd evroni tashkil qiladi.

FIFA va UEFA ushbu ma'lumotlarga izoh berishdan bosh tortgani aytilmoqda.

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Sky Sports