Farhod Nurullaev: "Qizilqum" avtobusi Qarshida "Damas" bilan to'qnashib ketgani rost"

Narzulla Saydullayev
4 iyul 2013, 12:39
So'nggi turni Qarshida “Nasaf” futbolchilariga qarshi o'tkazgan “Qizilqum” jamoasining yo'l harakati hodisasiga duchor bo'lganligi xususida turfa gap-so'zlar tarqalgan edi.
Shu masala bo'yicha jamoa boshlig'i Farhod Nurullaev futbol klubi matbuot xizmatiga quyidagicha ma'lumot berib o'tdi.
 
 - Haqiqatan ham “Nasaf” - “Qizilqum” uchrashuvining ertasi kuni, aniqrog'i, 30 iyun kuni ertalab taxminan soat 8 larda Qarshidagi markaziy ko'chalardan birida mahalliy “Damas” avtomashinasi jamoamiz a'zolari joy olgan “Mersedes” avtobusi bilan to'qnashgan edi, - deydi F.Nurullaev. - Bu yo'l hodisasidan biror kishi jabr chekkani yo'q, hamma sog'u salomat. Shu kunning o'zida jamoamiz murabbiylar shtabi a'zolari va futbolchilar Zarafshon shahriga yetib kelishgan. Ayni paytda barcha diqqat-e'tiborni navbatdagi uchrashuvga puxta hozirlik ko'rishga qaratyapmiz.
 
Hozirda jamoa bosh murabbiyi Rustam Zabirov Zarafshondagi o'quv-mashg'ulotlar bazasida futbolchilar bilan kuniga ikki mahaldan mashg'ulotlar olib bormoqda. Mashg'ulotlarda yigirma besh nafar futbolchi faol ishtirok etayotir. Muhimi, “Qizilqum” jamoasi a'zolarining “Dinamo” bilan bo'ladigan o'yin oldidan kayfiyatlari ko'tarinki, ruhlari tetik.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcqizilqum.uz