Farhod Magometov: "Birinchi ligada kelishilgan o'yinlar ko'p uchramoqda"

Narzulla Saydullayev
12 iyul 2013, 15:38
Bugun O'zbekiston birinchi ligasining ikkinchi bosqichi uchun qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi.
Unda PFL bosh direktori Farhod Magometov ishtirok etib birinchi liganing qator kamchiliklarini aytib o'tdi.
 
"Tan olish kerak, birinchi liga o'ta yomon holatda.  Bu hech kimga sir emas. Kamchiliklar to'lib yotibdi. Bunga birinchi navbatda jamoa rahbarlari bilan bosh murabbiylarni aybdor qilib ko'rsatgan bo'lardim. Kelishilgan o'yinlar ko'p uchrayapti. Bularni yo'q qilish kerak".

"Hozirgi holatda birinchi ligaga botqoqqa botib qolgan deb aytsak bo'ladi. Uni bundan chiqarish uchun juda ko'p ish qilish shart yoki to'liq operaciyani amalga oshirish lozim. Bazi klublar hakamdan shikoyat qilishadi, o'yinni ko'rib chiqqanimizda hakam aynan ularga yordam bergan vaziyatlar uchradi. Hakamlarni jamoangizga yon bosishini so'raysiz va keyin uni raqib foydasiga atayin yanglishganda ayblaysiz. Nima uchun ularga qalloblik qilishni o'rgatyapsiz? Kelishilgan o'yinlarda ishtirok etgan yoki hakamlarni yordam berish maqsadida taqdirlashga uringan klublarni jazolaymiz. Shunday jamoalar bir umrga PFL ishtirokidagi musobaqalardan chetlashtiriladi va 50 million so'm jarimaga tortiladi. Rossiya va Turkiyada kelishilgan o'yinlar bilan bog'liq mojarolar chiqqanidan xabaringiz bor. Bizda ham bu borada ma'lumotlar bor. Bunday holat kelib chiqsa, anchagina klublar jazolanishi mumkin. Kelishilgan o'yinlar bilan mashg'ul bo'lgandan ko'ra, klubingizda minimal sharoitlarni yaratishga harakat qiling. Shunda o'zbek futboli uchun foydali ish qilgan bo'lasiz", - deydi Magometov.

Behzod Nazarov yozib oldi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia