

Championat.asia sayti ma'lumotiga ko'ra, Samvel Babayan bugun Namanganga yetib boradi va viloyat rahbariyati bilan uchrashishi kutilmoqda. Muzokaralar muvaffaqiyatli o'tsa, Babayan "Lochinlar" bosh murabbiyiga aylanadi. Klub jamoa futbolchilariga yaqin kunlar ichida yangi bosh murabbiy kim bo'lishini ma'lum qilishini aytgan. Bu haqda jamoa futbolchilaridan biri ma'lumot berdi.
Eslatib o'tamiz, 2019 yil Samvel Babayan "Lokomotiv" bosh murabbiyi bo'lib ishlaganida "Navbahor"ga qarshi kechgan Namangandagi bahsdan keyingi matbuot anjumanida quyidagi gaplarni aytgandi: "Har bir insonning orzusi bo'ladi. 1996 yilda "Navbahor" chempion bo'lganida shu klub a'zosi bo'lgandim. Eng katta orzularimdan biri bir kun kelib "Navbahor" bosh murabbiyi sifatida klubni O'zbekiston chempioni qilish!".
Ma'lumot uchun, Babayan shu yilning 5 oktyabr kuni Xitoyning "Chanchun Yatay" klubidan iste'foga chiqarilgandi.



