Ekitike JCH-2026 turnirini o'tkazib yuboradi va 9 oyga safdan chiqdi

Aslanov Jasurbek
15 apr 2026, 14:09
Fransiya milliy terma jamoasi va "Liverpul" hujumchisi Yugo Ekitike uchun mavsum muddatidan oldin yakunlandi.

RMC Sport nashri xabariga ko'ra, iqtidorli futbolchi nafaqat joriy mavsumning qolgan qismini, balki shu yil yozda bo'lib o'tadigan Jahon chempionatini ham o'tkazib yuboradi.

YCHL 1/4 finali doirasidagi PSJga qarshi bahsda (0:2) Ekitike maydonni zambilda tark etgan edi. Dastlabki tibbiy xulosalarga ko'ra, hujumchining axill paylari uzilgan bo'lishi mumkin. Chorshanba kuni o'tkaziladigan chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rik ushbu tashxisni tasdiqlashi kutilmoqda.

Ortoped-xirurg Nikolya Bodrie L’Équipe nashriga bergan intervyusida vaziyatga shunday baho berdi:

"Kadrlarga qaraganda, bu boshqa narsa bo'lishi mumkin emas. U ikki marta o'rnidan turishga harakat qildi, lekin yura olmadi. Bunday jarohatlar odatda raqib bilan to'qnashuv natijasida emas, balki keskin harakat yoki sakrash oqibatida yuzaga keladi. Futbolchilar buni "oyoqqa tushgan yashin zarbasi"dek his qilishadi".

Agar axill paylarining to'liq uzilishi tasdiqlansa va jarrohlik amaliyoti o'tkazilsa, futbolchining maydonga qaytishi uchun kamida to'qqiz oy vaqt talab etiladi. Bu esa uning JCH-2026 musobaqasida ishtirok etish orzularini chipakka chiqardi.

Eslatib o'tamiz, Fransiya milliy terma jamoasi uchun bu mundial oldidan juda og'riqli yo'qotish hisoblanadi. Ekitike "Liverpul" safida ham joriy mavsumda asosiy figuralardan biriga aylanib ulgurgan edi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: RMC Sport