YCHL. Barcha chorak finalchilar aniqlandi. Ertaga qur'a tashlash marosimi

Narzulla Saydullayev
20 mar 2014, 11:15
Kecha oqshom Dortmund va Manchester shaharlarida o'tkazilgan ikki o'yin bilan Yevropa Chempionlar ligasining barcha chorak final ishtirokchilari ma'lum bo'ldi.
Garchi “Zenit” klubi “Borussiya” maydonida 2:1 hisobidagi g'alabaga erishgan bo'lsada, Pityerdagi mag'lubiyat (2:4) sabab o'z yurishini 1/4 final ostonasida to'xtatdi.

Mavsumni o'ta omadsiz o'tkazayotgan “Manchester Yunayted” esa kecha “Old Trafford”da nihoyat o'z muxlislarini xushnud etdi. Gretsiyada 0:2 hisobida yutqazgan “qizil iblislar” javob uchrashuvida “Olimpiakos” darvozasini javobsiz uch bor ishg'ol qilishdi. Robin van Persi oqshom qahramoniga aylandi. Aynan uning xet-trigi Moyes jamoasiga chorak final eshiklarini ochdi. Shu tariqa, 4 ta davlatning 8 ta jamoasi bosh mukofot uchun kurashni davom ettiradi.

Ertaga Shveytsariyaning Non shahrida joylashgan UEFA shtab-kvartirasida 1/4 final bosqichiga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tadi. Bunda bir mamlakat jamoalari bir-birlariga tushib qolishlari mumkin. Shu bosqichdayoq muxlislar “Barselona”–“Real” qarama-qarshiligiga guvoh bo'lishlari ham mumkin.  

Qatorasiga ikkinchi mavsum ham Ispaniyaning 3 ta jamoasi chorak finalda ishtirok etadi. Germaniya va Angliyadan 2 tadan, Fransiyadan esa “Pari Sen-Jermen” jamoasi kuchli sakkizlikni tashkil etib berishdi. E'tiborga molik jihati, 1/4 finalga o'z guruhining g'oliblari yetib kelishdi.

Chorak finalning ilk uchrashuvlari 1-2 aprel, javob bahslari esa 8-9 aprel kunlari bo'lib o'tadi. Yarim finalga qur'a tashlash marosimi 11 aprel kuniga belgilangan. Bu bosqichning ilk o'yinlari 22-23 aprel, javob uchrashuvlari 29-30 aprelda o'tkaziladi. Chempionlar Ligasining bu yilgi g'olibi 24 may kuni Lissabon shahridagi “Eshtadiu-du-Benfika”da aniqlanadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: olamsport.com