Championat.asia va Transfermarkt avgust oyning eng yaxshilarini aniqladi

Sherzod Nurmatov
9 sen 2024, 14:58
Ovoz berishda Championat.asia xodimlari, Transfermarkt'ning rus bo'limi va mehmon ekspert – "Sport" telekanali sharhlovchisi Otabek Jo'raev ishtirok etdi.

So'rovnoma natijalariga ko'ra Ro'ziqul Berdiev O'zbekiston chempionatining avgust oyidagi  eng yaxshi murabbiyi bo'ldi. "Nasaf" uning qo'l ostida to'rtta uchrashuvda xuddi shuncha g'alabaga erishdi. Qarshi klubi 17 turdan keyin eng yaqin taqibchisidan (OKMK) 6 ochko oldinda va turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Berdiev 52 foiz ovoz bilan g'olib chiqqan bo'lsa, ikkinchi o'rinni "Surxon" bosh murabbiyi Fevzi Davletov (26 foiz) band etdi.

"Nasaf" to'rtta uchrashuvda birorta ham gol o'tkazib yubormasdan to'rtta g'alabaga erishdi. Bunda esa darvozabon Abduvohid Ne'matovning xizmatlari katta. Aynan Abduvohid Ne'matov Superliganing avgust oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi – unga rezidentlarning 42 foizi ovoz berdi. So'rovnomada ikkinchi o'rin OKMK hujumchisi Kleydi Daciga nasib qildi, u to'rtta o'yinda uchta gol urgandi (21 foiz ovoz). Biroz kamroq, yani 16 foiz ovozni "So'g'diyona" yarim himoyachisi Vladimir Yovovich qo'lga kiritdi – u to'rtta o'yinda ikkita gol urdi.


O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia