Championat.asia saytida yangi rukn: "Anonim hakam". Najafalievning xatosi va "Andijon" urgan golda kim xato qildi?

Narzulla Saydullayev
12 mar 2023, 20:51
Saytimizda yangi rukn ish boshladi.

Xabaringiz bor, o'tgan yildan boshlab Superliga hakamlari chiqargan bahsli vaziyatlarini rossiyalik sobiq hakam Anatoliy Sinyaev "Alyo Ref" tahlil qilib bermoqda.

Shu bilan birga endi bizda yana bir sobiq hakam anonim tarzda ekspert bo'ladi. Uning kimligi va qaysi davlatdan ekanini ma'lum qilmaymiz.

1. "Navbahor" - "Metallurg". Zabihillo O'rinboev gol urgan vaziyatda bosh hakam xatoga yo'l qo'ydi. To'g'ri qoida buzilgandi, ammo ustunlik principi bo'yicha hakam to'p kimga tushishini kutishi va agar "Metallurg" vakili to'pga egalik qilsa hujumni davom ettirishi kerak edi. Aslida shunday ham bo'ldi va O'rinboev gol urdi. Ammo hushtak ancha vaqtli chalindi va bu xato edi. Yakuniy hisob 3:0 bo'ldi. Yani hakam o'yin natijasiga ta’sir qiluvchi xato qilmagan, biroq xato baribir xato. Agar bu holat FIFA musobaqalarida bo'lganida o'sha o'yin hakam uchun turnirdagi so'nggi bahs bo'lardi.

Ma'lumot uchun, "Navbahor" - "Metallurg" uchrashuvini Asker Najafaliev boshqarib bordi.


VIDEONI KO'RISH


2."Surxon" - "Andijon". Mamatkazin urgan gol Xebay ofsaydda turibdi deb VAR yordamida inobatga olinmadi. Futbol muxlislariga bir narsani tushuntirib ketamiz VAR ofsayd chizig'ini chizganida QIZIL chiziq doim hujum qilayotgan futbolchiniki bo'ladi, KO'K chiziq esa himoyalanayotgan futbolchiniki. Buni Yevropadagi o'yinlar orqali ham bemalol ko'rish mumkin. Bu vaziyatda fikrimcha VAR hakami texnik xato tufayli chiziqlar rangini almashtirib qo'ygan. Aslida ofsaydni aniqlash vaqtida bosh hakamning monitor oldiga borishi shart ham emas. Shunchaki chiziqlar to'g'ri qo'yilganida VAR'ning o'zi ofsayd bor yoki yo'qligini aniqlab raciya orqali bosh hakamga aytardi va o'yin davom etardi.

Yana bir narsa darvozabon maydonchasi ichida (jarima maydoni emas, aynan darvoza yonidagi darvozabon maydonchasi) hujum qilayotgan futbolchi darvozabonning ko'rish imkoniyatini to'sishi mumkin emas. Agar darvozabon qarshisidagi futbolchi ofsaydda turgan bo'lsayu, gol urilgan paytda xatto u to'pga tegmasa ham ofsayd hisoblanadi. Bu vaziyatda esa hujumchi ofsaydda emasdi, aynan VAR hakami chiziqlar rangini almashtirib qo'yib, xatoga yo'l qo'ygan.

Ma'lumot uchun, "Surxon" - "Andijon" uchrashuvini Rahimbek Karimov boshqarib bordi. VAR hakami sifatida esa Aziz Asimov ishladi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia