"Buxoro" va "Neftchi" uyg'onadi, "Olimpik"ning zafarli odimi davom etishi kutilmoqda (Pro liga 11-turi haqida)

12 iyun 2021, 12:31
Bugun O'zbekiston pro ligasining 11-tur bahslari start oladi. Quyida bizni kutayotgan 4 o'yin atrofidagi statistika, ma'lumot va taxminlar bilan tanishing.

Kapadze Ildar Sakaevga ham master-klass o'tib beradi...

Tur "Oq-tepa" va "Olimpik" jamoalari o'rtasidagi uchrashuv bilan start oladi. O'tgan turda tajribali "Neftchi"ga har jabhada master-klass o'tib bergan Timur Kapadze boshchiligidagi yoshlar bugungi raqibiga ham jiddiy bosh og'rig'i bo'lishi turgan gap. Xabaringiz bor, "Olimpik" farg'onaliklar bilan o'yinda xotirijam holatda 3 ta gol urib, ishonchli g'alabani qo'lga kiritgan edi.  "Oq-tepa" ham chempionatning asosiy favoritlaridan biriga 3 ta gol urdi, ammo so'nggi daqiqada xuddi shuncha o'tkazib ham yubordi. Ildar Sakaev jamoasi bugun ham 2-bo'limda konsentratsiyani tushirib yuboradigan bo'lsa, jiddiy tarzda jazolanadi. Chunki, "Olimpik" joriy mavsum 2-taymlarda eng ko'p gol urgan jamoa bo'lib turibdi.

Pro liga. 11-tur

12 iyun, shanba

OQ-TEPA – OLIMPIK

Hakamlar: Doston Mirzaraimov, Olimjon Abduvosilov, Sanjar Shoyusupov

Nazoratchi: Dmitriy Roman

Komissar: Baxtiyor Shirinov

"Jar" stadionida o'tkaziladigan o'yinni boshqaradigan Doston Mirzaraimov joriy mavsum har ikkala klub ishtirokidagi o'yinlarda ishlashga ulgurgan. Farg'onalik referi "Oq-tepa"ning 2, "Olimpik"ning 1 o'yinini boshqargan:

Pro liga (1-tur): "Oq-tepa" 1:2 "Buxoro"

Pro liga (5-tur): "Oq-tepa" 2:2 "Aral Samali"

Kubok (1-tur): Olimpik 5:0 "Zomin"

Eslatib o'tamiz, mazkur jamoalar o'rtasida 1-davrada o'tkazilgan o'yin "Olimpik"ning  g'alabasi bilan yakun topgan edi.

"Buxoro" bor alamini "Sho'rtan"dan oladi...

O'tgan turda "Aral Samali"ga imkoniyatni boy berib qo'ygan "Sho'rtan" futbolchilari bugun G'ijduvonda "Buxoro" mehmoni bo'lishadi. Uchrashuv favoritini ajratib olish uchun jamoalarning turnir jadvalidagi o'rnidan tashqari to'plar nisbatigaham e'tibor qaratish lozim. G'uzor jamoasi ortda qolgan 9 turda raqiblari darvozasiga faqat 2 bor yo'l topishni uddalagan va o'z darvozasidan 10 barobar ko'proq to'p olib chiqqan. Bundan ortiq tarifga hojat bo'lmasa kerak. 10-turda "Olimpik" bilan o'yinda sensacion natija qayd etgan "Buxoro" bugun nisbatan kuchsizroq raqibini ayab o'tirmasligi aniq.

BUXORO – SHO'RTAN

Hakamlar: Rahimbek Karimov, Husniddin Bahodirov, Oybek Kallaxo'jaev

Nazoratchi: Ro'zim Davletmuradov

Komissar: Qudrat Madraimov

"Navro'z" o'yingohida o'tkaziladigan o'yinni boshqaradigan hakam joriy mavsum "Buxoro" ishtirokidagi bitta o'yinda ishlashga ulgurgan:

Pro liga (3-tur): "Olimpik" 0:1 "Buxoro"

Eslatib o'tamiz, mazkur jamoalar o'rtasida 1-davrada o'tkazilgan o'yin "Buxoro"ning  g'alabasi bilan yakun topgan edi. O'shanda o'yin taqdirini Davron Isoqov tomonidan urilgan yagona gol hal qilgan edi.

"Xorazm" mavsumdagi 4-g'alabasini qo'lga kiritadimi?

10-turda G'uzordan g'alaba bilan qaytgan "Aral Samali" bu gal Xorazmga safar qiladi. Ushbu bahs tur doirasidagi durang qayd etilish ehtimoli eng yuqori bo'lgan o'yin. Ammo, baribir mezbon faktori va muxlislarning qo'llab-quvvatlashi tufayli "Xorazm" yakunda 3 ochko olsa kerak. Ma'lumot uchun, "Xorazm" joriy mavsum uy o'yinlarida "Neftchi" bilan birga eng yaxshi natijani qayd etib turibdi (4 o'yindan 3 g'alaba, 1 durang). Hozircha Aleksandr Ejov shogirdlarini mehmonda mag'lub qiladigan jamoa topilmayapti.

13 iyun, yakshanba

XORAZM – ARAL SAMALI

Hakamlar: Ilya Ilin, Artyom Kalinin, Ruslan Samandarov

Nazoratchi: Konstantin Smirnov

Komissar: Qudrat Madraimov

Eslatib o'tamiz, mazkur jamoalar o'rtasida 1-davrada o'tkazilgan voha derbisida durang qayd etilgan edi.

"Yangier" "yaralangan sher" qarshisiga chiqadi...

So'nggi 2 turni safarda o'tkazib, asosiy raqiblari "Buxoro" va "Olimpik"ga imkoniyatni boy bergan "Neftchi" ertaga "Yangier"ni qabul qiladi. Bu bahsda Sirdaryo jamoasining ahvoliga havas qilmagan bo'lardik. Chunki Toshkentdagi o'yindan keyin Ilhom Mo'minjonov ochiq va dangal gapirdi. Agar Farg'ona klubi bu gal ham muvaffaqiyatsizlikka erishsa, muxlislar Mo'minjonovni, Ilhom aka esa shogirdlarini, futbolchilar o'zlarini kechira olishmaydi. Ushbu jamoalar o'rtasida 1-davrada o'tkazilgan bahsga e'tibor qaratsak, "Neftchi" mehmonda 3ta to'p farqi bilan zafar quchganiga guvoh bo'lamiz. Bu gal ham kamida shuncha to'p kiritilsa kerak...

NEFTCHI – YANGIER

Hakamlar: Abdurashid Xudoyberganov, Rasuljon Fozilov, Maksim Nexochin

Nazoratchi: Oleg Dachev

Komissar: Shohruh Said.

Joziba kerakmi, Pro ligaga boring!

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia