Burhon Usmonov: “Bekorchilikka vaqt yo'q”

Narzulla Saydullayev
2 sen 2013
Burhon Usmonov 2011 yildan buyon “Bunyodkor” futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Murabbiylarning undan ishonchlari katta. Negaki, bu futbolchi murabbiylar tomonidan aytilgan topshiriqlarni to'la-to'kis his qilishi va masuliyatni chuqur sezishi oqibatida har doim o'zidan yaxshi taasurot qoldirib kelmoqda. Burhon ilk futbol talimini Bektemir tumanida joylashgan 24-bolalar va o'smirlar futbol maktabi (BO'SM)da olgan.

-Burhon, akademiyaga kirishdan oldin ham himoyachi bo'lishni orzu qilganmisiz?
-24-BO'SM da shug'ullanib yurgan paytlarimda ilk murabbiyim meni barcha poziciyalarda sinab ko'rgan. Hatto biroz vaqt yarim himoyachi bo'lib ham o'ynadim. Bu erga kelganimdan so'ng esa murabbiyim Bahodir aka o'yinlarimni ko'rgach, meni himoyaning o'ng tomoniga o'tkazdi. Shu-shu o'ng qanot himoyasida to'p tepaman.

-Bu poziciyada o'ynovchi mashhur futbolchilarni bilasizmi?
-Albatta. “Bunyodkor” safida o'ng qanot himoyasida Akmal Shorahmedov o'ynasa, Yevropa klublarida, xususan, “Barselona”da Dani Alves, “Real”da Alvaro Arbeloa, “Bavariya”da Filipp Lam, “Chelsi”da Branislav Ivanovich singari mashhur futbolchilar aynan shu qanot vakillaridir. Ularning o'yinlarini doimiy ravishda kuzatib borishga va o'zim uchun kerakli jihatlarni olishga harakat qilaman.

-Mashg'ulotdan bo'sh vaqtda nima bilan shug'ullanasizlar?
-Bo'sh vaqtimizni mazmunli o'tkazishimiz uchun akademiyada barcha shart-sharoit yaratilgan. Xususan, akademiya suv havzasida mazza qilib cho'milamiz. Til o'rganishimiz uchun ingliz tili xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, futbol ichida va futbol atrofida kechayotgan yangiliklardan doimiy xabardor bo'lishimiz uchun futbolga ixtisoslashgan nashrlar doimo o'qish zaliga keltirilib turiladi. Eng muhimi, internetga ulangan eng zamonaviy kompyuterlar akademiya tarbiyalanuvchilari ixtiyorida. Kompyuter xonamizda nafaqat internetdan foydalanamiz, balki ruhiyatimizga salbiy ta’sir ko'rsatmaydigan, murabbiylarimiz nazoratidan o'tgan kompyuter o'yinlarini ham o'ynaymiz. Xullas, bo'sh vaqtimiz aslo bekorga sarflanmaydi.  

-Futbolda erishmoqchi bo'lgan maqsadlaringiz haqida so'zlab bering…
-Akademiyadagi har bir o'quvchining oliy orzusi – bu terma jamoa libosini bir marta bo'lsa-da kiyish… Men ham mahoratimni oshirib, kelajakda “Bunyodkor” asosiy tarkibi va milliy terma jamoamiz o'yinlarida maydonga tushishni orzu qilaman. Buning uchun albatta o'z ustimda ko'proq ishlashim, murabbiylarim berayotgan saboqlarni qunt bilan o'rganishim lozim.

BIZNING MA'LUMOT:
Ism-familiyasi: Burhon Usmonov
Tug'ilgan yili: 1998 yil
Tug'ilgan joyi: Toshkent shahri
Ampluasi: Himoyachi
Sevimli jamoasi: “Barselona”
Yoqtirgan futbolchisi: Dani Alves

Sanjar ISMATOV

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com