

Klubimiz direktori Ulug'bek Mirzaev “Bunyodkor”ga qaytgan ilk kunlardan boshlab, akademiyamizni ta'mirlash bo'yicha dasturiy reja ishlab chiqqan edi. Akademiya jamoa kelajagi, bu yo'lda uning moddiy texnik bazasini yaxshilash, binolarni ta'mirdan chiqarish bo'yicha aytilgan gaplar hayotga ko'chdi. Albatta, klub prezidenti Mehriddin Razzoqovich Abdullaevning qo'llab-quvvatlovi va jamoamiz bosh homiysi “O'zbekneftgaz” akcionerlik jamiyatining moliyalashtirishi o'laroq, reja hayotga tatbiq etildi va akademiya faoliyatini boshlagan dastlabki kunlardan deyarli to'qqiz yil o'tib, ilk bor kapital ta'mirdan chiqarilmoqda.

Ishlar ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Dastavval, akademiyaning tom qismlari to'liq yangilandi. Hozirda esa ta'mirlash ishlari ikkinchi bosqichga o'tgan. Navbat bilan binolarning ichki qismlari kapital ta'mirdan chiqariladi. Xususan, shu kunlarda yopiq basseynda ham ishlar jadal suratlarda olib borilmoqda. Tez kunlarda “Bunyodkor” futbol klubi akademiyasi to'liq yangilangan holda faoliyatini davom ettiradi.



