Bugun Maqsudov uchun birinchi imtihon

Narzulla Saydullayev
12 yanv 2014, 12:00
Bugun O'zbekiston U-22 yoshlar terma jamoasi Ummondagi Osiyo chempionatida birinchi o'yinini o'tkazadi.
Futbolchilarimiz Toshkent vaqti bilan soat 18:00da Xitoy yoshlar termasiga qarshi maydonga tushishadi. Bugungi o'yinning terma jamoamiz bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov uchun ahamiyati nihoyatda katta. Chunki u kishi bosh murabbiy sifatida o'zining birinchi imtihonini topshiradi. Shunday ekan, Shuhrat aka hozir qanchalik hayajonlanayotganini his qilsa bo'ladi.

Osiyodagi har qanday musobaqa biz uchun nihoyatda muhim. U-22 Osiyo chempionati esa juda kerakli turnir bo'ldi. Chunki ayni shu yoshda futbolchining haqiqiy salohiyati ko'zga tashlanadi. Yevropa chempionatlariga ketish uchun qulay imkoniyat yuzaga keladi. U-22 Osiyo chempionati – futbolchilar uchun tayyor yarmakaning o'zginasi. O'ylaymizki, buni biznikilar ham yaxshi his qilib turishibdi. O'FF bu jamoamizdan natija talab qilyaptimi-yo'qmi, to'g'risi, bundan mening xabarim yo'q. Natija talab qilish uchun avval boshdan sharoit yaratib berish zaro'r bo'ladi. Sharoit qilindimi-yo'qmi, buniyam yaxshi bilmaymiz. Lekin baribir har bir murabbiy kabi Shuhrat Maqsudov ham natija ko'rsatishga harakat qilishi turgan gap.

Maqsudovdan birinchi navbatda terma jamoaning o'z o'yin uslubini yo'lga qo'yib olishi talab etiladi. Shuhrat aka shu paytgacha Abramov, Shkvirin, Qosimov kabi murabbiylar bilan ishlab murabbiylik sohasidagi bilimlarini oshirib bordi. Ana endi o'sha bilimlarni mustaqil murabbiy sifatida amada qo'llash fursati keldi. Ammo kelajakda Olimpiada o'yinlariga borishni maqsad qilayotgan bu jamoamizning murabbiylar shtabi hech ko'ngilga o'tirmayapti. Masalan, Maqsudovga yordam berayotgan Aleksey Evstafeevni olaylik. U kishi o'zi shundoq ham 1995 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoa bosh murabbiyi hisoblanadi. Bu jamoa shu yil Osiyo chempionatida qatnashadi. Shunday ekan, Evstafeev qay biriga jiddiy qaraydi: U-22 gami yo 95 largami? Yana bir yordamchi murabbiy Murod Ismoilov bazi sabablarga ko'ra Ummonga keta olmabdi. Bir tomondan juda yaxshi bo'ldi. Nima keragi bor, “Neftchi” jamoasi yangi bosh murabbiyining Ummonga borishini? Undan ko'ra klubdagi muammolarni hal qilib, jamoani oliy ligaga tayyorlashi kerak emasmi?

Biz xohlardikki, bundan keyin klubda ishlayotganlar terma jamoaga, terma jamoada ishlayotganlar klubga aralashmasin. Shundagina ishda unum bo'lishi mumkin. Eshitishimizcha, Evstafeev “Buxoro”ga ham ishga kiribdi. U erga borib nimani qoyillatadi, hayronmiz. O'lkamizda “Pro” olgan murabbiylar soni 50taga yetib qoldi-yov. Qani o'shalar? Nima uchun terma jamoalarimizda tegirmon navbati bilan degandek nuqul bir xil murabbiylar aylanib qoldi? Yoki bizda mahoratli murabbiylar shunchalik tanqismi? Men Evstafeevning bilim va mahoratiga shubha qilmayman, lekin uning bir vaqtning o'zida U-22, 1995lar va “Buxoro”da ishlashi g'alati emasmi? Qaysi birida jonini koyitib ishlay oladi? Bizda unga raqobatchilik qila oladigan boshqa murabbiylar yo'qmi? Har yili turli licenziyalarga o'qitilgani bilan nega ish bilan taminlash olib borilmayapti? Va bu holat yana qachongacha davom etadi?

Uzr, mavzudan sal chalg'ib ketdim. Xullas, bugun Maqsudov uchun birinchi imtihon va bu imtihonda Shuhrat akaga omad tilaymiz!

Xayrulla Xoliqov.   

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia