

Bugun Lokomotiv o'z maydonida Qizilqumga qarshi bahs olib boradi. Turnir jadvalida Lokomotiv 6ta o'yindan so'ng 6 ochko bilan 10-o'rinda boryapti. Jamoa ikki bor g'alaba qozonib, 4 marta mag'lub bo'lgan. To'plar nisbati 6-10.
Qizilqum esa atigi 1 ochko to'plagan holda oxirgi o'rinni egallab turibdi. Navoiyliklar hisobida 1 durang, 5 mag'lubiyat bo'lib, to'plar nisbati 3-13. Qizilqum bu yil Superligada hali g'alaba qozonmagan uchta jamoadan biri bo'lib turibdi.
Qizig'i shundaki, har ikki jamoa o'z ochkolarini karantingacha dastlabki uch turda yiqqan. Lokomotivning ikkita g'alabasi uyda Andijon va Buxoro bilan kechgan bahslarda qo'lga kiritilgan, Qizilqum esa safarda Mashal bilan durang o'ynagandi.
Karantindan so'ng negadir har ikki jamoaning omadi kelmayapti. Lokoning ketma-ket uch mag'lubiyati Metallurg (0:3), So'g'diyona (1:2), Bunyodkor (0:2) bilan o'yinlarda qayd etilgan bo'lsa, Qizilqum AGMK (0:1), Qo'qon-1912 (0:4) va Paxtakor (0:2) bilan kechgan bahslarda imkoniyatni boy berdi.
Navbatdagi to'qnashuv oldidan mezbon Lokomotivning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. Jamoa birinchidan o'z maydonida o'ynaydi. Ikkinchidan tarkibda mahoratli futbolchilar ko'proq. Lekin Qizilqum ham yuqoriga intilish uchun astoydil kurash olib bormoqda. Bu esa uchrashuv qiziqarli kechishidan darak beradi.
P.S. Lokomotiv - Qizilqum bahsini bugun soat 19:00dan boshlab Oilaviy telekanalida to'g'ridan to'g'ri tomosha qiling.




