Bilasizmi? Srechko Katanets Toshkentda ikkinchi bor g'alaba qozondi

Xayrulla Xoliqov
30 mar 2021
O'zbekiston - Iroq o'rtoqlik uchrashuvida mehmonlarning qo'li baland keldi.

Xuddi biz kabi jahon chempionati saralash bosqichining to'xtab qolgan o'yinlariga tayyorgarlik ko'rayotgan Iroq terma jamoasi kechagi bahsda 1:0 hisobida zafar quchdi. Xabaringiz bor, hozirda ushbu jamoani Srechko Katanets boshqarmoqda. 

Qizig'i shundaki, sloveniyalik murabbiy Toshkentdan ikkinchi bor g'alaba bilan qaytdi. Birinchisi rasmiy uchrashuv maqomida bo'lib, Katanets BAA termasi bosh murabbiyi sifatida yurtimizga tashrif buyurgandi. 

Bu voqea 2010 yilning mart oyida O'zbekiston va BAA milliy terma jamoalari o'rtasidagi bahsda ro'y bergan. O'shanda Osiyo Kubogi-2011 saralash bosqichidan o'rin olgan uchrashuvda ham 0:1 hisobida yutqazib qo'ygandik. 

90+3-daqiqada Sulton Al Menholi tomonidan kiritilgan gol amirlik futbolchilariga g'alaba keltirgandi. Oradan 11 yil o'tib Srechko Katanets yana g'alaba qozonishni uddaladi, faqat bu safar o'rtoqlik o'yinida. 


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia