Baxtiyor Ashurmatov: "Quvondiq Ro'ziev biz uchun katta yo'qotish"

11 fev 2021, 18:03
"Qo'qon-1912" jamoasi shu kunlarda Toshkent shahrida yangi mavsumga tayyorgarlikni qizg'in ravishda davom ettirmoqda.

"Shunqorlar" bugun yig'in doirasidagi birinchi o'rtoqlik uchrashuvida "So'g'diyona"ga qarshi o'yinda maydonga tushdi va 2:1 hisobida g'alaba qozondi. Jamoaning tayyorgarligi va tarkibdagi yangiliklar hususida qo'qonliklar ustozi Baxtiyor Ashurmatovga yuzlandik.

"Futbolchilar mashg'ulotlarda astoydil ter to'kmoqda. O'ylaymanki, Toshkentdagi yig'in biz uchun samarali bo'ladi. Birinchi nazorat o'yinini "So'g'diyona"ga qarshi o'tkazdik va unda futbolchilarimizning imkoniyatlarini yana bir bor ko'rib oldik. Hozirda ikki nafar futbolchimiz Oybek Rustamov va Murod Holmuhammedov O'zbekiston milliy terma jamoasining yig'inida qatnashmoqda. Safimizga qo'shilgan iqtidorli yarim himoyachi Asadbek Sobirjonov esa olimpiya terma jamoasidan chaqiruv oldi. Hamidullo Abduhamidov jarohatidan so'ng tiklanmoqda. Shu bois tarkibimizni to'liq, deb bo'lmaydi. Ushbu futbolchilar ixtiyorimizga yetib kelishsa tarkib borasida ma'lum bir xulosa chiqara olamiz. Bu yil ham raqobatbardosh jamoa tuza olamiz.


Mazkur yig'inga "Neftchi"dan Ilhom Vahobov, "Istiqlol"dan Anvar Hojimirzaev, Jamshid Rahmatullaev kabi futbolchilarni jalb qildik. Selekciya jarayoni hali to'xtagani yo'q. Yaqin kunlarda Yakuba Bambaning kelishi kutilmoqda. Shuningdek, yana bir necha futbolchilar bilan muzokaralar olib boryapmiz. 5-6 kun ichida tarkibimiz aniq bo'lib ulguradi.
Mo'min Meliev bilan yig'inlar boshlanmasidan avval kelishuvga erishgandik. Unga AGMK, "So'g'diyona" jamoalaridan taklif bo'lgandi. O'ylaymanki, Melievning jamoamizga ko'p yordami tegadi. Mehnatkash futbolchi hisoblanadi. Farhod Bekmurodov bilan ham xuddi shunday tez kelishdik. Ular bilan hamkorligimiz foydali bo'lishi shubhasiz. Slavko Lukichni muxlislar yaxshi bilishadi. "Nasaf", "Navbahor"dagi o'yinlari bilan tanilgan. Lukich orqali himoyadagi raqobatni kuchaytirdik.


Quvondiq Ro'zievning jamoamizni tark etishi katta yo'qotish. Muxlislarimizning yoqimtoyiga aylanib, biz bilan ham yaqin aka-ukadek bo'lib qolgandi. Quvondiqning qalbi Qo'qonda qoldi. Lekin, ma'lum sabablarga ko'ra "Navbahor"ga o'tishga qaror qildi. Uning qarorini qo'llab-quvvatladik va do'stona ravishda xayrlashdik. Kelajakda yana birga ishlasam, xursand bo'laman. Buni o'zi ham ta'kidlab ketdi. Katta yo'qotish, ammo uning o'rnini to'ldirishga harakat qilamiz",- deydi Baxtiyor Ashurmatov.


Abdulaziz Iskandarov yozib oldi




Reklama



O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia