Basketbol terma jamoasiga chaqirilgan, baliqli maydonda to'p tepgan hamda Jek Chittak muxlisi bo'lgan "Buxoro"ning yangi legioneri bilan tanishamiz

Оқил Абдубарноев
16 yanv 2026, 04:00
"Buxoro"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz.

Murabbiylarni bemahal bezovta qilgan himoyachi faoliyati haqidagi qiziqarli ma'lumotlarni mutolaa qilishingiz mumkin.

Velko Filipovich 1999 yil 11 oktyabrda Serbiyada tavallud topgan. Faoliyatini mahalliy "Borac Chachak" klubida boshlagan. Keyinchalik Serbiyaning "Yavor", "Sinjelich" jamoalari sharafini himoya qilgan. 

12 yoshimda mashg'ulotlarga jiddiy kirisha boshlaganman. Aka-ukalarim futbolchi edi, shuning uchun men ham ularning orqasidan ketdim. Basketbol bilan ham shug'ullanganman, hatto milliy jamoa yig'inlarida bo'lganman. Ammo futbolni ko'proq yoqtirardim va kelajakda o'zimni yashil maydonda tasavvur qilardim.

20 yoshida uning faoliyatida tub burilish ro'y berib, Tailandga yo'l olgan va "Ayuttxaya Yunayted", "Patxum Yunayted", "Chiangmay", "Nakxonpatxom", "Rayong" klublarida to'p tepgan.  

Ona yurtimda ayrim qiyin vaziyatlar bo'lgan. Birinchi ligaga chiqqanimizda murabbiyning taktikasi va qarorlaridan norozi edim. "Partizan"ga qarshi o'yinda yagona sog'lom markaziy himoyachi bo'lsam ham, zaxirada qoldirishdi. Keyin COVID boshlandi va Koreya uchinchi ligasi hamda Tailand ikkinchi ligasidan takliflar bo'ldi. Sobiq murabbiyim Tailand uslubi menga mos kelishini aytdi. Men 20 yoshda edim va shunchaki yangi sahifa ochishni istadim.

Serbiyadagi jamoamda uch nafar koreyalik futbolchi bor edi. Ulardan biri ilgari Tailandda o'ynagan. U menga bu yerdagi o'yin uslubi – individuallik hamda tezlik menga juda mos kelishini aytdi. Taklif kelgach, Tailandda o'ynagan do'stlarim bilan maslahatlashdim. Ular ham bu er men uchun yaxshi joy ekanini aytdi.

Borishdan oldin liga, klublar, transfer bozorini o'rgandim. Do'stim menga o'yinlarni ko'rsatdi, ayniqsa "Ayuttxaya" haqida ma'lumot berdi, chunki aynan o'sha erga ketishim kerak edi. Hatto biroz tay tilini ham o'rgatdi. O'sha payt Avstriya ikkinchi va Koreyaning uchinchi ligalaridan takliflar bor edi. Lekin "Ayuttxaya"da shartlar yaxshiroq edi. Osiyoga kelishni istagandim, shuning uchun Tailandni tanladim.

Tailandga ilk bor kelganimda, COVID davri hukm surayotgan edi, shuning uchun ikki hafta karantinda qolishimizga to'g'ri kelgan. Lekin o'shanda havo namligi Serbiyaga nisbatan ancha yuqori ekanligini darhol sezganman. Moslashishimdagi eng qiyin jihat aynan shu bo'ldi.

Filipovich "Chiangmay" safida salmoqli iz qoldirdi – 59 ta o'yin, 7 ta gol. U ko'p hollarda jamoa sardori sifatida maydonga tushgan va himoyada jamoaning asosiy tayanchi bo'lgan. Biroq pay bo'g'imlarining qattiq jarohatlanishi oqibatida bir muddat maydondan tashqarida bo'ldi. Futbolchining aytishicha, tiklanish uchun odatdagidan ko'proq harakat qilgan.

Ehtimol, bu ishim bilan murabbiylarni biroz zeriktirgandirman. Odatda mashg'ulotlar soat 16:00 yoki 16:30 da boshlanardi, lekin men ertalab soat 8:00 da qo'ng'iroq qilib: "Soat 9:00 da zalga ketyapman, nazorat qilmoqchi bo'lsangiz, keling", derdim. Fizioterapevt va jismoniy tayyorgarlik murabbiyi men bilan birga kelishardi. Bu ishni har kuni qilardim. Kunduzi tiklanish mashqlari, jamoa bilan mashg'ulot, keyin esa suzish. Agar fizioterapevt bo'lmaganida, tiklanishim ikki barobar uzoq davom etardi.

Tailandda qiziqarli voqealar ko'p bo'lgan. Yomg'irli mavsumda bir o'yin esda qolgan, o'shanda maydonni shu qadar suv bosdiki, hakam uchrashuvni to'xtatishga majbur bo'ldi – atrofda hatto baliqlar suza boshlagan edi.

Maydon tashqarisida esa eng qiziq hodisa tailandliklarning Yangi yil bayrami bo'ldi: bu jarayonda butun mamlakat bo'ylab odamlar bir-birini suv to'ldirilgan pistoletlar va chelaklar bilan "cho'miltiradi".

2026 yilning yanvarida "Buxoro" bilan shartnoma imzoladi. Markaziy himoyachi poziciyasida faoliyat olib boradigan futbolchining bo'yi 1,97 metrni tashkil qiladi.

Bo'y-bastim o'yinimda juda katta omil hisoblanadi. Xudoga shukr, hozirgacha bu ustunlikdan yaxshi foydalanib kelyapman, shuning uchun standart holatlarda doim e'tibor menga qaratilgan. Lekin vaqt o'tishi bilan qiyinlashib boryapti, chunki boshqa jamoalar ham mening harakatimni cheklash uchun maxsus echimlar o'ylab topishyapti. Shunga qaramay, havodagi to'plar uchun kurashda ko'rsatkichlarim yaxshi, ammo uni yanada yaxshilash ustida ishlashda davom etyapman.

Futbol – hissiyotlar o'yini. Bu sport turida bir daqiqada hamma narsa o'zgarishi mumkin. Shuning uchun uni sevishadi. Futbol bu – hayot.

Sevimli futbolchisi: Nemanya Vidich

Sevimli klubi: Manchester Yunayted

Sevimli ichimligi: Qahva

Sevimli filmi: Karib dengizi qaroqchilari

Sevimli qo'shig'i: Eminem – "Lose Yourself"

Ravshan Ermatov bilan duch kelgan mundialda maydonga tushish uchun pul to'lagan, "Atletiko Madrid" libosini kiygan hamda Armanistonda rekordlar qayd etgan "Nasaf"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz

Ilk o'yinida uyiga yig'lab ketgan, 15 yoshida terma jamoada debyut qilgan hamda samolyotda shug'ullangan "Neftchi" hujumchisi Silvanus Nimeli bilan yaqindan tanishamiz

G'ishtdan darvoza qurib o'ynagan, "Atletiko" maydonida eng yaxshi futbolchi deb topilgan hamda Ronaldudan jarima zarbasi tepishni o'rgangan "Paxtakor"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz

Jarohatlardan aziyat chekkan, musulmon nemis bilan bir xonada yashagan va buyumlarini "o'g'irlatadigan" OKMKning yaponiyalik legioneri bilan yaqindan tanishamiz


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia