

Klublar o'rtasidagi kelishuvga ko'ra, kataloniyaliklar angliyalik futbolchini 30 million evro evaziga to'liq sotib olishlari mumkin edi.
"SER Catalunya" jurnalisti Nil Solaning xabar berishicha, ushbu imtiyozli sotib olish bandi mart oyi yakuni bilan o'z kuchini yo'qotgan. "Barselona" esa bu imkoniyatdan foydalanmadi.
Endi "ko'k-anorranglilar" 28 yoshli hujumchining transfer summasini pasaytirish yoki uni yana bir mavsumga ijaraga olish bo'yicha MYU bilan yangi muzokaralar o'tkazishni rejalashtirmoqda. Biroq, ingliz klubini bu shartlarga ko'ndirish ancha qiyin bo'lishi kutilyapti.
Hozirgi holatga ko'ra, tomonlarning o'zaro til topishishidan ko'ra, Reshfordning "Barselona"dagi faoliyati yakunlanish ehtimoli yuqoriroq baholanmoqda. Markus La Liganing joriy mavsumida 24 ta o'yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.



